So‘nggi yillarda mamlakatimizda prokuratura organlari faoliyatida katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Tizim xodimlari xalqqa yaqin bo‘lib, inson qadri, huquq va erkinliklarini, qonun ustuvorligi va adolatni bevosita joylarda ta’minlamoqda.
O‘tgan yil davomida qariyb 512 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi, 54 mingga yaqin murojaat, jumladan, salkam 29 ming tadbirkorning masalasi yechib berildi. Shu bilan birga, qurilish, yer resurslaridan oqilona foydalanish, xotin-qizlar va yoshlarni tazyiqdan himoya qilish, yoqilg‘i-energetika va ekologiya yo‘nalishlarida yangi mexanizmlar joriy etildi.
Yashirin iqtisodiyotga qarshi choralar tufayli davlat budjetiga 22,3 trillion so‘m qo‘shimcha tushum undirildi, qurilish sohasida ortiqcha xarajatlar oldi olindi va mablag‘lar qo‘shimcha ijtimoiy infratuzilma obyektlariga yo‘naltirildi. Kriminogen vaziyatni tahlil qilish va tizimli profilaktika ishlari natijasida mahallalarda jinoyatchilik darajasi qariyb 1,5 barobar kamaytirildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tgan davrda 10 mingdan ziyod huquqbuzarlik va jinoyatga chek qo‘yildi, davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan 1 trillion 800 milliard so‘m zarar undirildi, 13 mingdan ortiq shaxsning faoliyati legallashtirilib, ular tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti va kiberjinoyatlarga qarshi maxsus tuzilma tashkil etildi. Bu ilmiy va texnologik yondashuvlar orqali jinoyatchilikni aniqlash va malakali kadrlar tayyorlash imkonini beradi.
Prezident prokuratura xodimlarini faoliyatlarida samaradorlikni oshirish, tergov jarayonlarini raqamlashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashda ochiqlikni kuchaytirish va xalqimiz ishonchiga sodiq qolishda davom etishga chaqirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev barcha xodimlarga mustahkam sog‘liq, faoliyatlarida yutuqlar, xonadonlariga tinchlik va baraka tiladi.


