Bayram tadbirida Shavkat Mirziyoyev koronavirus pandemiyasi tufayli so‘nggi ikki yilda Navro‘zi olamni yuksak darajada nishonlashning iloji bo‘lmagani, lekin bu yilgi bayram har safargidek yuksak shodiyonalar bilan qarshi olinayotganini alohida ta’kidladi.
Prezident so‘nggi kunlarda kuzatilayotgan yog‘ingarchiliklarga to‘xtalib, bu Yaratganning oliy ne’mati ekanini qayd etdi.
“Osmondan yomg‘ir emas, obi-rahmat, qut-baraka, rizq-ro‘z yog‘moqda. Buning uchun albatta Yaratganga har qancha shukronalar aytsak arziydi”, - dedi davlat rahbari.
Prezident Hakim at-Termiziyning “Navro‘znoma” kitobida agar Navro‘zi olam dushanba kuni kirsa, ko‘p yomg‘ir-qor yog‘adi, hosil mo‘l bo‘ladi, yil to‘qchilikda o‘tadi, deb yozilganini eslatdi.
“Bu fikrlar ham aynan dushanba kuni Navro‘zni kutib olayotgan el-yurtimizning orzu-niyatlari bilan uyg‘un va hamohang, desak har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi”, - dedi Mirziyoyev.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mahalla obod bo‘lsa, butun mamlakat obod bo‘ladi. Mahallabay ishlash albatta xalqning roziligiga olib keladi. Hukumat ish uslubini o‘zgartirib bo‘lsa, odamlarni rozi qilish butun kuch-g‘ayratini ishga soladi.
“Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessansni xalqimizni buyuk qudratidan kuch olib, bugungi va ertangi avlodimiz albatta bunyod etadi”, - deya ishonch bildirdi davlat rahbari.


