21-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Mudofaa sanoati agentligining Innovatsion texnologiyalar markazida bo‘lib, ishlab chiqarish quvvatlari, ilg‘or ishlanmalar, harbiy va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlar bilan tanishdi.
Harbiy salohiyatni mustahkamlashda harbiy xizmatchilarning professionalligi bilan bir qatorda, mudofaa sanoatini rivojlantirish ham muhim o‘rin tutadi. Mamlakatimizda zamonaviy mudofaa sanoatining shakllanishi Prezident tashabbuslari bilan amalga oshirilib, bu yo‘nalishdagi islohotlar tarixiy ahamiyat kasb etmoqda. Mudofaa vazirligi huzuridagi agentlik tomonidan qurol-yarog‘larni modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalarni joriy etish va ilg‘or ishlanmalarni qo‘shinlarda tatbiq etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Innovatsion texnologiyalar markazida bugungi kunda 80 ga yaqin harbiy va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Shu bilan birga, robototexnika va uchuvchisiz apparatlar bo‘yicha startap loyihalar qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Davlat rahbari tashrifi davomida harbiy texnikaning yangi namunalari va mudofaa sohasini rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli loyihalar taqdim etildi. Prezident bu borada hali oldinda muhim vazifalar turganini ta’kidlab, mudofaa tizimining raqobatbardoshligini oshirish, ishlab chiqarishni doimiy takomillashtirib borish hamda innovatsion texnologiyalar va sun’iy intellektdan keng foydalanish zarurligini qayd etdi.
Shuningdek, harbiy va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlar assortimentini kengaytirish, xususiy sektorni faol jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish va soha mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. Ilmiy laboratoriyalar tashkil etish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston mudofaa sanoati korxonalari xalqaro miqyosda ham faol ishtirok etmoqda. Jumladan, joriy yilning 17-21 fevral kunlari Abu-Dabi shahrida o‘tkazilayotgan “IDEX-2025” xalqaro ko‘rgazmasida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 100 dan ortiq harbiy texnika va mahsulot namunalari taqdim etilmoqda. Xususan, xorijiy hamkorlar orasida katta qiziqish uyg‘otgan “Arslon 8×8” va “Arslon 6×6” zirhli transportyorlari hamda “To‘fon” o‘ziyurar gaubitsasi namoyish etilmoqda.
Tashrif yakunida Prezident mudofaa sanoatini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini belgilab, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, mahsulot sifatini yanada yaxshilash va milliy korxonalarni xalqaro bozorda mustahkam o‘rin egallashiga yo‘naltirilgan aniq vazifalarni ilgari surdi.


