“To‘rtinchi hokimiyat” — ommaviy axborot vositalari bilan munosabatlar davlat rahbarlari siyosatida alohida o‘rin egallaydi. Prezidentlarning jurnalistlar bilan muloqoti orqali davlatning matbuot erkinligi bo‘yicha pozitsiyasiga ham baho berish mumkin. Quyida ayrim siyosiy yetakchilarning OAV bilan qay darajada ishlashi ko‘rib chiqiladi.
Jo Bayden
Bayden jurnalistlar bilan tez-tez muloqot qilib turadi. Oq uyda maxsus pull shakllantirilgan va AQSHning yirik OAV xodimlari davlat rahbariga turli mavzularda savol bilan murojaat qilish imkoniyatiga ega.

Bayden deyarli har bir chiqishidan keyin jurnalistlarning turli savollariga javob beradi. Bundan tashqari, prezidentga har qanday tashrifda hamrohlik qiladigan “kichik pull” ham mavjud. Odatda uning tarkibiga bosma nashrlarning ikki muxbiri, bir nafardan teleprodyuser va radiomuxbir, axborot agentliklaridan uch muxbir hamda operator, fotomuxbirlar kiradi.
Shu bilan birga Qo‘shma shtatlar yetakchisi jurnalistlar bilan ba’zan nizoga ham borib turadi. Masalan, 2022-yilning 25-yanvar kuni u “Fox News” jurnalisti Piter Dusini “ahmoq, itvachcha” deb haqoratladi. Dusi prezidentga inflyatsiya haqida savol bergan edi. Ammo matbuot anjumanidan so‘ng Bayden jurnalistga shaxsan qo‘ng‘iroq qiladi va uzr so‘raydi.
Vladimir Putin
Putin – media uchun sevimli qahramon. Uzoq yillardan buyon Rossiyani boshqarib kelayotgan siyosatchi yil yakunida an’anaviy matbuot anjumanini chaqiradi. Unda Putin nafaqat Kremlga yaqin OAV bilan, balki xorijiy va muxolifat ruhidagi nashrlarning “qitmir” savollariga javob beradi.

Bundan tashqari, RF prezidenti har yili dunyoning yirik media korporatsiyalariga intervyu beradi va bu suhbatlar katta rezonanslarga sabab bo‘ladi. Putin jurnalistlarning turli so‘rovlariga ba’zan hazil, ba’zan o‘ta sovuqqonlik bilan javob qaytaradi.
Rossiya rahbari atrofida ham tor doirada durnalistlar guruhi shakllantirilgan. Kreml pulida doimiy ravishda 30 ga yaqin OAV faoliyat yuritishi haqida ma’lumotlar bor.
Rajab Toyyib Erdo‘g‘an
Turkiya prezidenti jurnalistlar bilan muloqot qilishning ajoyib yo‘lini topgan. Erdo‘g‘anning xorijiy safarlarida OAV vakillari hamrohlik qiladi. Safar yakunida, odatda Turkiyaga qaytishda samolyot bortida jurnalistlarning savollariga javob beradi.

Bunday suhbatlarda muhim bayonotlar va Turkiya yetakchisining dolzarb muammolar bo‘yicha fikrlari yoritib boriladi.
Vladimir Zelenskiy
Zelenskiy OAV uchun eng ochiq dunyo yetakchilaridan biri. 2019-yil 10-oktabr kuni u davlat rahbarlari matbuot anjumanlari davomiyligi bo‘yicha rekord o‘rnatdi – jurnalistlar bilan muloqot 14 soatdan ortiq davom etdi. O‘sha kuni u 300 dan ortiq savollarga javob berdi.

Zelenskiyning OAV bilan muloqotida mojaroli holatlar ham yuz berib turadi. Masalan, 2021-yilda u jurnalistlarni uning shaxsiy hayotiga aralashishda ayblagandi.
“Ba’zida dam olish huquqim bor. Ammo hurmatli jurnalistlar sizni deb Kiyevning hech qaysi nuqtasida xordiq chiqara olmayman”, – degandi Ukraina yetakchisi.


