«Nomzodlarga talablar o‘zgargani yo‘q. Saylov kodeksida qanday talab bo‘lsa, o‘sha talablar amalda. Hech qanday yangilik yoki o‘zgarish yo‘q. Faqatgina bir narsa yangilik bo‘ldi, endi saylov byulletenida lavozim yozilmaydi, familiya, ism-sharifi yoziladi xolos», deya taʼkidladi Bahrom Qo‘chqorov.
Saylov kodeksining 61-moddasiga ko‘ra, o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida o‘n yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan fuqaro O‘zbekiston prezidenti etib saylanishi mumkin.
Qonunda qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan fuqarolar; diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari prezidentlikka nomzod etib ro‘yxatga olinmasligi belgilangan. Shu bilan birga, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bo‘lishi mumkin emas.


