Rossiya prezidenti Vladimir Putin milliarderlar bilan yopiq uchrashuvda AQSH bilan muzokaralarda Donbassning butun hududini talab qilishda davom etishini aytdi.
Putin uchrashuvda Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha AQSH bilan muzokaralarga alohida to‘xtaldi. “Kommersant” nashrining yozishicha, u Donabass hududini butunlay talab qilishda qatʼiy ekanligini bildirgan.
Nashr maʼlumotiga ko‘ra, Rossiya harbiy yo‘l bilan egallay olmagan Donbassni Moskva nazoratiga o‘tkazish kerakligini aytgan. Shu bilan birga, u ayrim hududlar bo‘yicha cheklangan almashinuv ehtimolini ham istisno qilman.
Putin Kramatorsk–Konstantinivka–Slovyansk sanoat tuguni bo‘yicha masala muhokama qilinmasligini taʼkidlagan. U, shuningdek, AQSH ayrim tashabbuslar bo‘yicha Yevropa bilan maslahatlardan keyin pozitsiyasini o‘zgartirayotganini “kuchsizlik” deb atagan.
“The Bell” nashri maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda qatnashgan biznesmenlar ro‘yxati oshkor etilmagan. Manbalarning aytishicha, sanksiyalardan qutulgan ayrim ishtirokchilar yana cheklovlar ostiga tushmaslik uchun ochiq ko‘rinishdan qochgan.
Bundan avval Bloomberg manbasi Moskva Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy taklif qilgan 20 punktli tinchlik rejasini qayta ko‘rib chiqishni talab qilayotganini xabar qilgan edi. Kreml NATO sharq tomon kengaymasligi, Ukraina neytral maqomi va Ukraina qurolli kuchlari soni bo‘yicha qatʼiy cheklovlarni istamoqda.
24-dekabr kuni Zelenskiy rejaning barcha 20 bandini eʼlon qilgan edi. Unda Ukraina suvereniteti kafolatlanishi, xalqaro xavfsizlik kafolatlari berilishi va hududiy masalalar referendum orqali hal qilinishi taklif etilgan.


