Shveysariya hukumati Rossiya prezidenti Vladimir Putinga mamlakatga kelib, Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan muzokara olib borishi uchun kafolati berishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu esa amaldagi hibsga olish orderi ijro etilmasligini anglatadi deb yozadi Bild nashri.
Shveysariya tashqi ishlar vaziri Ignazio Kassisning ta’kidlashicha, Federal kengash bunday holatlar uchun qoidalarni o‘tgan yili tasdiqlagan. Shu bois ehtimoliy uchrashuv joyi sifatida Shveysariya ko‘rib chiqilishi mumkin.
Avvalroq Zelenskiy bir necha bor Putindan yuzma-yuz uchrashuvni talab qilgan edi. Unga ko‘ra, urushni to‘xtatish bo‘yicha yakuniy qaror faqat Rossiya rahbariga bog‘liq. Shu paytgacha Kreml bunga rozi bo‘lmagan, biroq vaziyat o‘zgarishi ehtimoli paydo bo‘lmoqda.
Vashingtonda Zelenskiy, AQSh prezidenti Donald Tramp va Yevropa yetakchilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan sammitdan so‘ng, Putin ham Zelenskiy bilan bevosita muzokara qilishga tayyorligini bildirgan. Tramp ijtimoiy tarmoqlarda u allaqachon Putin bilan telefon orqali gaplashganini va ikki tomonlama uchrashuv tayyorlayotganini yozdi. Kreml ham Rossiya rahbari "ochiq" ekanini tasdiqladi.
Sammit ishtirokchilari muzokara Yevropada o‘tishi kerakligi borasida yakdil fikr bildirgan bo‘lsa-da, Putinning Yevropaga tashrifi unga nisbatan hibsga olish xavfi bilan bog‘liq.
Ma’lumot uchun, 2023-yil 17-martda Xalqaro jinoiy sud Vladimir Putin ustidan hibsga olish orderi chiqargan edi. Unga Ukrainadagi bosib olingan hududlardan bolalarni noqonuniy ravishda Rossiyaga olib o‘tishda ayblov qo‘yilgan. Bu harakat harbiy jinoyat sifatida baholanmoqda va sudda aybdor deb topilsa, umrbod qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.
Putin avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv uchun Alyaskaga hech qanday muammosiz tashrif buyurgan, chunki AQSh Xalqaro jinoiy sud yurisdiksiyasini tan olmaydi.


