1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Qachongacha orqa eshikdan kiramiz?

Aksariyat vazirlik va tashkilotlar, hokimiyatlar, hatto, katta-katta o‘quv muassasalari binolarning asosiy kirish darvozalari doim yopiq.

Qachongacha orqa eshikdan kiramiz?

 

Yaqinda poytaxtimizdagi tumanlarning biriga tadbirga bordim. Ushbu tashkilotga ilk marotaba tashrif buyurganim bois asosiy eshigi tomon bordim (ikkinchi eshigi borligidan bexabar edim). Biroq berk ekan. Tushlik payti ham emasdi. Eshikni qayta-qayta ochmoqchi bo‘layotganimni ko‘rgan bir kishi: "Binoga orqa eshikdan kiriladi. Mana, “strelka” qilib qo‘yilgan" deya sal nariroqda yopishtirib qo‘yilgan qog‘ozga ishora qildi. Haqiqatdan ham eshikning bir chetiga “Kirish” deb yon tomonga yo‘nalish belgisi qo‘yilgan ekan.

 

Shundan so‘ng eʼtibor bilan kuzata boshladim. Aksariyat vazirlik va tashkilotlar, hokimiyatlar, hatto, katta-katta o‘quv muassasalari binolarning asosiy kirish darvozalari doim yopiq turar ekan. Binoga kirish negadir orqa yoki yon tarafdan ochilgan kichkina eshikdan kiriladi. Shu yerda ishlovchi xodimlar, hatto, tashkilot rahbarlarining o‘zi ham orqa eshikdan kirib-chiqadi.

 

Ayrim tashkilot xodimlaridan buning sababini so‘rab, tayinli javob ololmadim. Balki ko‘pchilikdan "bu xavfsizlik nuqtayi nazaridan qurilgan", degan o‘y ham o‘tishi mumkin. Biroq o‘sha tekshiruvchi qurilmani asosiy darvoza yoniga ham o‘rnatsa bo‘ladi-ku...

 

Esimda, men o‘qigan institutning asosiy eshigi ham ko‘pincha “yuqoridan” tekshiruvchi (yo mehmon) kelsa yoki katta bayramlardagina ochilardi, xolos. Talabalar o‘quv binosiga yon eshikdan kirib-chiqishardi. Balki bu viloyatda bo‘lgani uchun shundaydir deb o‘ylardim. Lekin Toshkentga kelib, ishga joylashish asnosida ko‘plab tashkilot va idora eshiklarini taqillatishimga to‘g‘ri keldi. O‘shanda ham asosiy eshikdan kirganimni eslolmayman.

 

Bundan ikki uch yil avval (vaqtincha) nufuzli vazirlikda ishlashimga to‘g‘ri keldi. Shu vaqtlarda ham tashkilotning asosiy eshigi oddiy xodimlar va fuqarolar uchun ochilmas edi. Faqatgina u yerdan boshliq kirib-chiqardi, xolos.

 

Hozir ham vaziyat o‘sha-o‘sha. Balki, shuning uchundir biz muammolarimizga yechim topmoqchi bo‘lsak, to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish o‘rniga orqa yoki yon eshiklarni izlab qolamiz. Chunki asosiy eshik yopiq bo‘lishini bilamiz.

 

So‘nggi yillarda xalq bilan muloqot, aholining muammolarini o‘rganish ancha jadallashdi. Yuqori davlat idoralari vakillari ham xalq bilan yaqinlashdi. Joylarga chiqib, aholi muammolarini ochiq tinglay boshladi. Yillar davomida yechimini kutayotgan masalalar hal bo‘lib, yo‘qolgan kalavaning uchi topilmoqda. Bugun rahbarlar yumshoq kreslosi va salqin xonasida o‘tirgani yo‘q. Aholi orasida ularning dardi bilan yuribdi. Bu bir tomondan xalqning davlatga ishonchini oshirayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, qaysidir maʼnoda, «orqa va yon eshik»larni yopib, jamiyatimiz rivojiga to‘siq bo‘layotgan illatlarning oldini olmoqda.

 

Katta-katta binolarning panjara ortiga yashiringan salobatli darvozalarini ochish, najot umidida tashkilot eshigini qoqib kelgan xalqimiz ham yuqori tashkilotlarga faqat orqa eshikdan emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib borib, muammolariga odilona yechim topish vaqti kelganiga ham ancha bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, bosh eshiklarni ochish vaqti keldi, nazarimda.

 

Zora, dolzarb muammolarimiz "asosiy eshik"dan kirilganda hal etilishini kutib turgan bo‘lsa, ne ajab.

 

Bahriniso Madumarova

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика