1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Eng dolzarb

Qanday qilib uy olish mumkin?

Uy olishning qanday sirlari borligini bir inson taqdiri misolida bilib olasiz.

Qanday qilib uy olish mumkin?

 

Yaqinlarim bilishadi, men asosiy ishimdan tashqari ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullanaman (makler emasman, o‘zim kvartira olib taʼmirlab sotaman, ijaraga beraman). Mendan eng ko‘p so‘raladigan savollar:

1. Abror aka, ijaraga kvartirangiz bormi?

2. Abror aka, qanday qilib uy sotib olish mumkin?

 

Bugun mana shu ikkinchi savolga javobni shaxsiy tajribamdan kelib chiqib yozmoqchiman. 

 

Ha, bugungi kunda kvartira/uy sotib olish chindan ham juda qiyin, qimmat. Lekin eʼtibor bering – uy (ayniqsa u yirik shaharlarda bo‘lsa) hech qachon arzon bo‘lmagan. Nominal qiymati kam, deylik, qachondir 1000 dollar bo‘lgan bo‘lsa, demak o‘sha 1000 dollarni topish qiyin bo‘lgan.

Yaʼni uy arzon bo‘lmaydi, shunchaki umumiqtisod o‘zgarib turadi. O‘zbekiston miqiyosida hech bir mulk uy-joychalik o‘z qiymatini saqlay olmaydi, demoqchimanki, narxi tushib ketmaydi. To‘g‘rirog‘i, tushib ketishi mumkin, lekin unda boshqa narsalar ham bundan ko‘proq arzonlashadi, daromad keskin kamayadi va alaloqibat uy olish qiyinligicha qolaveradi.

Xo‘sh, shunday ekan, endigina hayotga kirib kelayotganlar qanday qilib boshpanali bo‘lishlari mumkin?

 

 Niyat qiling

 

Shaharlarni kezganda “shuncha uylar bor, nahotki mening uyim bo‘lmasa” degan savol hammaning dilini qirib o‘tgan. Mustahkam niyat qiling. “Men albatta o‘z uyimga ega bo‘laman, Allohning menga atagani ham bor” degan fikrni hamisha ko‘nglingizda saqlang. “Uy shu darajada qimmatki, men baribir ololmayman” deya o‘zingizni cheklab yashay boshladingizmi, tormozlanasiz. Ijaraga ko‘nikasiz, hayot shunday asabiy va kemtiklarga to‘la, degan tushunchaga moslashib qolasiz;

 

Harakat qiling, ISHLANG!

 

Bugungi kun holatiga eng minimal boshpana uchun qancha zarurligini chamalab chiqing. Katta mablag‘ chiqsa ham cho‘chimang. Uzoq manzil ham kichik qadamlar bilan zabt etiladi. ISHLANG! Osmondan tushgan boylik, kutilmaganda hadya qilingan uylar haqidagi afsonalarga ishonib umrni o‘tkazmang. Hozir bir necha joyda ishlash, onlayn faoliyat yuritish imokniyatlari bor. Daromad qilishning har qanday halol imkoniyatlarini eʼtiborsiz qoldirmang. Pul yig‘ing, oz, ammo o‘z jamg‘armangiz bo‘lsin. Kelajakda darhol sotish mumkin bo‘lgan, qiymatini yo‘qotmaydigan, uy olishda asqotadigan kichik mulklar (masalan tilla) oling (jonli misolni quyida o‘qiysiz);

 

Qo‘rqmay qarz oling

 

Jamg‘armangiz maʼlum darajaga yetdimi, qarz oling va temirni qizig‘ida bosing. Unutmang, boshpana bo‘lsa bas, qarzdan qutilish mumkin. Qolaversa, yaxshi niyatda qilingan harakatga Alloh alohida beradi, sinalgan;

 

Kichigidan, arzonidan boshlang

 

Darhol katta uyga harakat qilib, rejani buzib yubormang. Eng kichik bo‘lsada, dastlabki shaxsiy boshpanani egallab oling. Kelajakda yirikrog‘iga almashtirib olaverasiz, muhimi birinchisi, keyingilariga aynan mana shu birinchisi katta quvvat bo‘ladi;

 

Bugungi imkoniyatlarning birortasini nazardan qochirmang

 

Albatta, subsidiya, kreditlarning hukmi haqida gapirish menga emas. Lekin siz boshpanali bo‘lish niyatida ekansiz, o‘zingiz to‘g‘ri hisoblaydigan imkoniyatlardan vaqtida foydalana biling. Qaytaraman, men kredit olishni yoqlayotganim yo‘q, lekin maqsadga yetkazguvchi turli shakldagi “bo‘lib to‘lash, muzoraba” kabi uslublarga nega yo‘q deyish kerak?

 

Albatta, har qanday maslahat va tavsiyalarni bevosita boshidan o‘tkazgan odam bergani maʼqul.

Men sizlarga dastlabki uyimni olishim tarixini qisqacha aytib beraman.

Talabaligimda ishlardim va pul yig‘ardim. Institutni bitirib, sevganimga sovchi jo‘natganimda rahmatli qaynotam “bu yigitning uyi yo‘q ekan” deya qizini bermagan (bu ishi uchun qaynotamdan hamisha minnatdorman).

 

Shunda niyat qilganman – qayerdan, qancha pul topsam faqat uy olaman!

Xullas uylanish uchun uy olishga majbur bo‘ldim. U payt internet yo‘q, faqat bir haftada bir chiqadigan gazeta va ko‘chada yopishtirilgan eʼlonlar bor. Bo‘shashim bilan ko‘chalarni kezib uy izlayman.

 

Cho‘ntakda 200 dollar pul bor. 2002 yil, eng arzon uy 1500 dollardan boshlanadi. Izlay-izlay 5-qavatdan bir uy topdim. Egasi 2000 so‘radi, men 1000 dollardan boshladim. Birinchi kuni savdomiz kelishmadi. Xullas rosa 5 kun savdo qildik. Men 1300 gacha chiqdim, u 1500 ga tushdi. Keyin menga “agar 10 kunda boshqa xaridor chiqmasa, senga sotaman” dedi.

 

10 kunni igna ustida o‘tirgandek o‘tkazdim. Har kuni ertalab o‘ris xolam stolbalarga eʼlon yopishtirib chiqadi, men esa har kuni bu eʼlonlarni bitta qo‘ymay yirtib tashlayman. Har kuni hamkasblardan, do‘stlardan birortasini xaridor qilib jo‘nataman. Biri 1000 taklif qiladi, biri 1100 (bu ishimni qoralashingiz mumkin, bilaman, bugungi kungi dunyoqarashim bilan o‘zim ham oqlamayman. Lekin u payt men uchma-uch yurgan, boshpana uchun, baxtim uchun tirishayotgan yigitcha edim).

 

O‘n kundan keyin borsam xolam meni kutib o‘tirgan ekan. Rozi bo‘ldi, bo‘nakka 100 dollar berdim. Ana endi 1100 dollar topishim kerak! Qarz so‘ramagan tanishim ham qolmagan, notanishim ham. Topganman!

 

Yuqorida birorta mulkingiz bo‘lsin, dedim. O‘shanda o‘zim ishlatadigan “Soni-Eriksson” telefonimni 130 dollarga sotganman (yana siz ham uy olishda asqotarkan, deb qatorlashtirib telefon olib tashlamang)).

 

Notariusga borganimizda pulni berganman, shartnomani rasmiylashtirganmiz. Lekin cho‘ntak shunchalik qoqlanganki notarius to‘loviga pulim yo‘q. Qarz so‘raydigan odam ham qolmagan. Ishonasizmi, qizi orqali bo‘lajak qaynonamdan qarz so‘raganman (iltimos, kulmang).

 

Remontsiz uyga o‘ris xolam bitta eski televizor bilan eski kreslo tashlab ketgan ekan. Birinchi marta o‘z uyimga kirganimda o‘sha kresloda o‘tirib rosa yig‘laganman...

 

 

Abror Zohidov

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика