Buning uchun hayotingiz va odatlaringizga o‘zgartirish kiritishingiz kerak bo‘ladi. Ular nafaqat qarishning tashqi alomatlari, balki organizmning ichki ahvolini ham yaxshilaydi. Quyida yoshlik va go‘zallikni maksimal uzoq saqlash uchun 5 ta odatni keltiramiz.
Terini namlantirib turish
Teri qancha quruq bo‘lsa, ajin tushish ehtimoli shunchalik katta bo‘ladi. Quruqlashish esa terining muddatidan oldin qarishiga sabab bo‘ladi. Kosmetik vositalarni teri turi va uning ehtiyojlaridan kelib chiqib tanlang. Shuningdek, agar yetarlicha suv ichmasangiz, hech qanday namlantiruvchi krem yordam berolmasligi bor gap.
Yil davomida quyoshdan himoya qiluvchi kremdan foydalanish
Ko‘pchilikning xatosi SPF-vositalardan faqat quyosh nurlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushadigan vaqtdagina foydalanishdir. Bulutli havoda, quyosh ko‘rinmayotgan paytda ham ultrabinafsha nurlar teriga taʼsir o‘tkazishda davom etaveradi va dog‘lar hamda ajin tushishiga sabab bo‘ladi. SPF-vositalarini kundalik odatingizga aylantirsangiz, teringiz sizga rahmat deydi.
Stressni boshqarishni o‘rganing
Stress va qarish bog‘liq ekani ilmiy isbotlangan. Doimiy asabiylashish umrni o‘rtacha 3-6 yilga qisqartirishi mumkin. Har kuni o‘zingizning asab tizimingizga vaqt ajratishga odat qiling. Nafas mashqlari, meditatsiya bilan shug‘ullaning. Bu mashg‘ulotlar 30 daqiqa vaqtingizni oladi. Bundan tashqari, ratsioningizga adoptogenlar – turli stress vaziyatlariga moslashishga va uning organizmga taʼsirini pasaytirishga yordam beradigan tabiiy o‘simlik moddalarini qo‘shish ham yaxshi natija beradi.
Foydali yog‘lar haqida unutmang
Muvozanatlashgan ratsionda uglevodlar ham, oqsillar ham yetarli bo‘lishi kerak, ammo yoshlikni saqlab qolish masalasiga kelganda, yog‘lar ham foydali. Yong‘oqlar, avokado, losos va o‘simlik moylari A va E vitamini, 3 va 6 yog‘ kislotalariga boy. Vitaminlar kuchli antioksidant bo‘lib organizmni erkin radikallardan himoya qiladi va nafaqat qarishning tashqi alomatlarini bekitadi, balki ichki yoshlikni saqlash imkonini beradi. Omega-yog‘ kislotalari esa terining elastikligini oshiradi va ajin paydo bo‘lishiga qarshilik qiladi.
Shakar isteʼmolini cheklang
Teri uchun shakarning meʼyoridan ortig‘i ultrabinafsha nurlanish kabi xavfli. U nafaqat akne va allergik reaksiyalar chaqiradi, balki terini ichidan qaritadi. Organizmga tushgan glyukoza molekulalari oqsil birikmalari, jumladan kollagen va elastin bilan reaksiyaga kirishadi. Bu tolalari ingichkalashib, o‘z tarangligini yo‘qotadi va natijada ajinlar ko‘payib, teri tonusini yo‘qotadi. Mutaxassislar qo‘shilgan shakardan butunlay voz kechish, shirin mevalarni esa ehtiyot bo‘lib isteʼmol qilishni tavsiya qilishadi.


