Viloyat prokurorining fuqaro murojaatiga javoban yo‘llagan javob xatida yozilishicha, TB mansabdorlari Jinoyat kodeksining 167-moddasi “v”, “g” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) (mansab mavqeini suiisteʼmol qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 209-modda 1-qismi (mansab soxtakorligi) bilan ayblanmoqda.
"Murojaatingiz yuzasidan mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilgan qayta o‘rganishda muassasada jami 81 million 500 ming so‘m mualliflik haqi, ish haqi va boshqa to‘lovlar noqonuniy to‘lanib, byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinganligi aniqlandi", — deyiladi Qashqadaryo prokurorining murojaatchi Inobat Abdullayevga yo‘llagan javob xatida.
Inobat Abdullayevaning maʼlum qilishicha, prokuratura aniqlagan 81 million 500 ming so‘m miqdoridagi gonorar televideniye bosh muharriri hamda bir nafar jurnalist uchun yozilgan noqonuniy gonorar miqdori hisoblanadi.
"Bu hali ikki kishiga yozilgan noqoununiy gonorar miqdori. Televideniyeda ishlayotganlarga yozilayotgan noqonuniy gonorarlarni hisob-kitob qilsa, qancha miqdordagi byudjet puli noqonuniy to‘langanini bilib olish mumkin. Prokuratura tekshiruv jarayonlarini davom ettirishidan, davlat pullari talon-toroj qilinayotganini fosh etishidan umidvorman", — deydi jurnalist.
Shuningdek, jurnalistning aniqlik kiritishicha, Qashqadaryo TBga bir yilda gonorarlar uchun byudjetdan 2 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.


