Maʼlum bo‘lishicha, ushbu voqea Yakkabog‘ tumani Yangiobod qishlog‘i Kattaboy Ashirov jamoa xo‘jaligiga qarashli yerda sodir bo‘lgan. Bizga xabar bergan manbaning aytishicha, opa-uka va to‘rt nafar erkak o‘rtasidagi mojaro katta janjalga aylanib ketgan.
Shundan so‘ng, opa-ukani bog‘lab qo‘yib, majburlab sochini olib, navbati bilan qamchi bilan savalab, kaltak bilan badanlariga og‘ir tan jarohati yetkazishgan. Bundan tashqari ular voyaga yetmagan 7 yoshli qizni ham qamchi bilan savalashgan.
Holat yuzasidan viloyat IIB maʼlumot berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, 9 iyul kuni soat taxminan 23:30larda Yakkabog‘ tumani "Yangihayot" MFYda yashovchi fuqarolar Yu.E., Yu.B, Yu.R. va Yu.X.lar Yakkabog‘ tumani "Yangihayot" MFYda yashovchi Q.M. fuqaro Yu.X. bilan ishqiy munosabatda bo‘lib yurganidan g‘azablanib, uni «samosud» qilishgan.
Ayolning oyoq-qo‘lini bog‘lab, sochini kesib tashlab, tanasini duch kelgan sohalariga qamchi bilan muttasil ravishda urib, qiynab, jismoniy azob berib, tan jarohati yetkazishgan.
Natijada Q.M. tan jarohati olib, Yakkabog‘ tumani Tibbiyot birlashmasi shifoxonasiga tushgan.
Mazkur holat yuzasidan Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan fuqaro Yu.E., Yu.B. va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 138-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Maʼlumot o‘rnida: Ushbu voqea yuzasidan Zamon.uz batafsil reportaj tayyorlamoqda.


