O‘tgan yilning noyabr oyida onasini haqoratlanishiga chidolmagan aka o‘z ukasining qotiliga aylangandi. Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tuman sudida ushbu hodisa yuzasidan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 2021-yilning 31-oktabr kuni ayblanuvchi ukasining onasi bilan janjallashib qolganidan xabar topib, uni izlab yo‘lga chiqadi. Ukasi o‘rtoqlari bilan ulfatchilik qilayotganini ko‘rib, uni mashinasiga o‘tqazib, uyiga olib keladi.
O‘sha kuni qarindoshlarinikiga to‘y marosimi bo‘layotgani bois, aka ukasini mast holatda ko‘chaga chiqib ketmasligi uchun sim bilan oyoq qo‘lini bog‘lab molxonaga qamab qo‘yadi va o‘zi to‘yga ketadi.
To‘ydan yarim tunda qaytgan aka to‘g‘ri molxonaga borib ukasining qimir etmay yotganiga guvoh bo‘ladi. Kunduzgi jahl tarqamagani bois aka avtomashina bilan birga ukasini yoqib yuboradi. Tezkor tadbir jarayonida ukasining qotiliga aylangan akaning qilmishlari fosh bo‘lgan.
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tuman sudida ukasining qotiliga aylangan aka ishi bo‘yicha sud ishi ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi JKning 97-modda 2-qismi "j" bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 15 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.


