Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyev qator davlatlar bilan xavfsizlik kafolati bo‘yicha hujjat loyihasini almashganini maʼlum qildi. Bu haqda u Fox News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
"Bizga yetakchi davlatlar tomonidan xavfsizlik kafolatlari kerak. Biz buni istayotgan davlatlarning AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Turkiya safiga qo‘shilishga taklif qilamiz", — degan u. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bu davlatlar xavfsizlik kafolatchisi bo‘lishga rozilik bildirgan. Shuningdek, Isroil va Irlandiya ham kafolatchi davlatlarga aylanishi mumkin. "Biz Xitoyning ham qo‘shilishini istardik", — deb qo‘shimcha qilgan Ukraina yetakchisi.
Shu bilan birga u Rossiya xam bu shartnomadan o‘rin olishi kerakligini, chunki bu eng avvalo Kiyev va Moskva o‘rtasidagi kelishuv ekanini aytgan. Zelenskiyning fikricha, ehtimoliy shartnoma Rossiyaga maʼlum majburiyatlarni yuklashi lozim.
Avvalroq Buyuk Britaniyaning Ukraina va Rossiya o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanishiga qarshi ekani maʼlum bo‘lgandi.


