Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshev Koreyaning Yer, infratuzilma va transport vazirligi hamda Geospatial Information Co. Ltd. kompaniyasi rahbar va mutaxassislaridan iborat delegatsiya bilan uchrashdi.
Uchrashuvda agrar sohada qishloq xo‘jaligi yerlarini monitoring qilish, raqamli xaritalar hamda 3D-modellarni yaratish, dronlardan foydalangan holda aniq dehqonchilikni rivojlantirish, mazkur sohada mutaxassislarni tayyorlash, kompaniyalar bilan ikki tomonlama hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilgani taʼkidlandi.
Shuningdek, respublikada qishloq xo‘jaligi sohasida monitoring va sprey dronlar, ashyolar interneti, 3D geografik axborot tizimlari, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, qonunchilik bazasini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.


