Prezident Shavkat Mirziyoyev Qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillari bilan muloqot o‘tkazdi. Davlat rahbari so‘zining avvalida fidokorona mehnati bilan el dasturxoniga noz-ne’mat yetkazib berayotgan barcha dehqon, fermer, bog‘bon, chorvador, suvchi, agronom va mexanizatorlarga chuqur hurmat-ehtiromini bildirdi.
“Sizlarning nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki iqtisodiyotni yuksaltirish, aholi turmushini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi beqiyos ishlaringiz har qancha tahsinga sazovor,” – dedi Prezident.
Joriy yil qishloq xo‘jaligida katta yutuqlar qayd etildi. Xalqimizning 3,5 milliondan ziyod vakili mehnat qilayotgan sohada paxtachilikda 875 ming gektar yerda 4 million tonnaga yaqin xirmon hosil qilindi, o‘rtacha hosildorlik ilk bor 46 sentnerga yetdi. Shu bilan birga, 3 mingdan ziyod fermer 50–60 sentner, 1,5 mingdan ziyod fermer esa 70 sentner hosil olgan.
G‘allakorlikda yangi mahalliy navlar va biotexnologiya yordamida 8 million 400 ming tonna xirmon yig‘ildi, o‘rtacha hosildorlik 85 sentnerga yetdi. Shu jumladan, har gektaridan 100 sentner hosil olgan 3,5 mingdan ziyod fermerlar hissasi katta bo‘ldi.
Sholikorlar 268 ming gektarda sholi ekib, 1 million 340 ming tonna hosil oldi, o‘rtacha hosildorlik 50 sentnerga yetdi. Suv tejovchi texnologiyalar va ko‘chat usulida ekish natijasida 350 million kub metr suv tejaldi.
Bog‘ va tokzorlarni yangilash ishlari davom ettirilib, uch yilda 155 ming gektar bog‘ va uzumzor barpo etildi, intensiv bog‘lar 150 ming gektarga yetkazildi. Joriy yilda 3,4 million tonna meva, 2 million tonna uzum, 19,5 million tonna sabzavot, poliz va kartoshka, 1 million tonna dukkakli va moyli ekinlar yetishtirildi.
Ichki bozorda narxlar barqaror ushlab turildi, qishloq xo‘jaligi eksporti esa 37 foizga o‘sib, 3 milliard dollarga yetdi, yil yakuni bilan 3,2 milliard dollardan oshadi. Meva-sabzavotlarimiz 83 davlatga yetib bordi. Quritilgan olxo‘ri va o‘rik eksporti bo‘yicha dunyoda 3-o‘ringa, shaftoli va mayizda 7-, gilosda 8-, uzumda 13-o‘ringa chiqildi.


