So‘nggi vaqtlarda yo‘l transport hodisalarining deyarli “pauza” qilmasdan sodir bo‘layotgani achinarli hol. Kundalik hayotimizda uchrayotgan yo ko‘rgan, yoki eshitgan, balki ishtirokchi sifatida qatnashgan bu baxtsiz hodisalarning oxiri bormi?
Har kuni telefonimizni ehtiyoj uchun qo‘limizga olganimizda maʼlum joy va shaxslar ishtirokidagi YTHlarning tafsilotiga ko‘zimiz tushadi. Deyarli bu oddiy voqelikdek bo‘lib qoldi. Ammo texnika ballonlari ostida qolayotgan murg‘ak bolalarning o‘limi jamiyat, kelajak uchun, balki ota-ona orzu – maqsadi uchun ham fojiа emasmi?
Keling, yil boshidan sodir bo‘lgan avtohalokatlar haqida ijtimoiy statistikani ko‘rib chiqamiz.
Qayd etilishicha, yanvar-oktabr oylarida sodir bo‘lgan 7 684 ta yo‘l-transport hodisasida 1 964 kishi halok bo‘lgan, 6 886 kishi esa jarohatlangan. Bu raqamlar uzoq karantin cheklovlari amal qilgan 2020-yildagi jami ko‘rsatkichlardan ham oshishga ulgurgan.
Eng achinarlisi, bolalar ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari raqamlari yuqoridagi faktlardan ham ko‘proq.
Viloyatlar kesimida eng ko‘p avtohalokatga uchragan bolalar 2018-yildan beri Toshkent viloyatidir. Shuningdek, “birinchilikni” “qo‘ldan boy bermayotgan” Toshkent shahri ham shu qatorga kiradi.
2019-yilda ham bu statistika o‘z o‘rnini “yo‘qotmagan”. Bu vaqt orasida 170 ta bola nobud bo‘lgan bo‘lsa, 1001 ta bola turli jarohatlar olgan. 2020-yilda esa mazkur raqamlar 1689tani tashkil qildi. Shunindek, 2021 yil yanvar-noyabr oylarida piyodalar ishtirokida 524ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Kuni kecha, “Facebook”da bir jurnalist Saidnosir Usmonov shaxsiy sahifasida aynan shu masala, yaʼni, bolalar bilan bog‘liq yo‘l transport vositasi haqida quyidagicha izoh qoldirgan:
“…Xizmat safaridan qaytdim. Ming bir alam va shum xabar iskanjasidaman. Bundan bir yil avval opamning 11 yoshli o‘g‘li YTH qurboni bo‘lgan edi. Endi singlimni 14 yoshli o‘g‘li YTH hodisasiga uchrab kasalxonada koma holatida yotibdi.
... Qanchalar alamli iztirob... Har kuni o‘nlab piyodalar, murg‘ak qalb egalari mashina g‘ildiraklari tagida qolib ketmoqda. Yo‘llardagi betartiblik, bilib-bilmasdan mashina haydayotganlar kasriga kimdir yaqinidan, jigargo‘shasidan ayrilmoqda va bu holatlar yuzlab odamlarning umrbod majruh bo‘lib qolishiga sabab bo‘lmoqda”.
Mazkur ro‘y berayotgan hodisalarda asl aybdor kim? O‘pkasini qo‘ltiqlagan haydovchimi, yoki ogohlikni yo‘qotgan yo‘lovchi?
Yaqinda qonunchiligimizda tezlikni oshirganlik uchun jarima miqdori kamaytirilishi haqida “yangilik” bo‘ldi. Bu qaysidir maʼnoda, kimlarningdir cho‘ntagiga foyda bo‘lgan bo‘lsa, ayrim insonlarning umriga zomin bo‘libdi!
Haqiqatdan ham, baʼzida yashil chiroq yonsa ham chorrahani kesib o‘tishga ikkilanamiz, sababi, qizil chiroqni ham pisand qilmaydigan shoshqaloq taksichilar, (yana qonunchilikka qaytishga majburman) 2021 yil 1 dekabrdan kuchga kirishi ko‘zda tutilgan “prava”siz mashina haydashga va rulda telefondan foydalanishga ruxsat berilishi mumkinligini bilgan 20 yoshga ham to‘lmagan o‘smirlar borligidir.
Bundan tashqari, ko‘chalarning qatnov qismigacha turli maishiy do‘konlarning chiqib ketgani, bozorlar, dam olish joylaridagi tirbandliklarda sodir bo‘layotgan avtohalokatlar ham odamni cho‘chitadi. Agar ko‘chlardagi tartibsizliklarning oldini olish boshlansa, hech ikkilanmay aytish mumkinki, zanjirdek bir-biriga ulangan tizimlarni hammasini tartibga solishga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, inson omili xavfsizligini taʼminlashda nafaqat o‘zimiz, balki qonunlarimiz, yo‘l transport hodisalarning oldini olishda masʼul bo‘lgan shaxslarning ham birgalikdagi hamkorligi jamiyat kelajagi uchun juda muhimdir!
Asosiysi, bolalarning o‘limi umuman bo‘lmasligi, ota-ona, haydovchining masʼulligiga bog‘liq.
Cho‘lponoy Ahmedova


