Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qonda 1 kilosi 3 500 AQSH dollari bo‘lgan “oltinli” osh damlanayotgani aytilgan videolar tarqalmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bunga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, oltinni o‘zini yeyish yoki uni biror taomga qo‘shib tanovul qilish Islom dinida durust emas.
“Aslida oltin va kumush naqd pul hamda ayollarga ziynat qilib yaratilgan. Uni yeydigan narsaga aylantirish joiz emas. Bunday qilish sharʼiy va insoniy urfga ziddir. Chunki biror bir millat, din yoki jamiyat oltin va kumushni taom sifatida qabul qilmagan.
Shuningdek, oltin va kumushdan yasalgan idishlarda taomlanish va ichish ham joiz emas.
Ulamolarimizning so‘zlariga ko‘ra, bu qaytariqning sababi oltin va kumush idishlarda yeb-ichish kibr hamda faxrga olib boradi va faqir insonlarning ko‘nglini sindiradi. Ushbu salbiy sifatlar oltinni idish sifatida ishlatgandan ko‘ra oltinni isteʼmol qilishda ko‘proq topiladi. Bu esa o‘z navbatida inson qalbidagi bandalik sifatini yo‘qolishiga sabab bo‘ladi”, – deyiladi munosabatda.


