Joriy yil 1-yanvarga o‘tar kechasi Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida Yangi yilni noqonuniy tarzda nishonlab, mushakbozlik uyushtirgan shaxslar 15 sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 31-dekabr kuni soat 23:55 atrofida Qo‘qon shahar A. Charxiy ko‘chasida shu hududda yashovchi fuqarolar yo‘lning qatnov qismiga chiqib, pirotexnika vositalarini yoqmoqchi bo‘lgan. Taxminan 10–15 nafar shaxs tomonidan O‘zbekiston tumanining Ohunqaynar qishlog‘ida qo‘lda tayyorlangan pirotexnika buyumlari ishlatilgani aniqlangan.
Tezkor surishtiruvlar natijasida huquqbuzarlarning shaxsi aniqlanib, ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 185¹-moddasi (pirotehnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi) bilan hujjatlar rasmiylashtirilgan hamda ish sudga oshirilgan.
Sud qaroriga ko‘ra, har bir huquqbuzarga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi va bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida jarima tayinlangan. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qonda ommaviy tartibsizlik va avtomobil yoqib yuborilgani haqida xabarlar tarqalgan edi, biroq viloyat IIB bu ma’lumotlarni rad etgan.


