Qoraqalpog‘iston respublikasida bir oilaning besh nafar a’zosi is gazidan vafot etgan. Yana ikki ikki kishi shifoxonaga yotqizilgan.
Bosh prokuratura matbuot kotibining ma’lum qilishicha, hodisa 2023-yil 15-dekabr kuni sodir bo‘lgan. Chimboy tumani, “Kenyes” OFYda yashovchi fuqarolar qo‘shni uyda xonadon egasi M.B. va yana 6 nafar oila a’zolari hushsiz holatda yotganini ko‘rgan va tez yordam chaqirgan.
Shifokorlar tomonidan tekshirib ko‘rilganda xonadon sohibi 1957 yilda tug‘ilgan M.B. 1961-yilda tug‘ilgan Z.M., 1986-yilda tug‘ilgan S.B., 2008-yilda tug‘ilgan A.A. va 2011-yilda tug‘ilgan M.A. vafot etgani aniqlangan. Shuningdek, 1995-yilda tug‘ilgan T.O. va 2000-yilda tug‘ilgan A.B. og‘ir ahvolda hushsiz ekani aniqlanib, tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida qozonxona uyning ichida yonib turgani va ushbu holatda is gazidan zaharlanish alomatlari mavjud ekani ma’lum bo‘lgan. Mazkur holat bo‘yicha Chimboy tuman prokuraturasi tomonidan sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlanib, tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda va hodisaning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.


