Qoraqalpog‘istonda fuqaroga tegishli sirni fosh qilib, uni mansab vakolatidan foydalangan holda javobgar qilmoqchi bo‘lgan IIB mansabdori tovlamachilikda ayblanmoqda.
Qayd etilishicha, u bu harakatlarni amalga oshirmaslik evaziga fuqarodan iPhone 15 Pro Max talab qilgan. DXX Qoraqalpog‘iston bo‘yicha boshqarmasiga murojaat qilgan fuqaro Qo‘ng‘irot tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosarini javobgarlikka tortishni so‘ragan.
Murojaatchining bildirishicha, tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari, jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i, mayor unvoniga ega mansabdor uning shaxsiy sirini bilishini, agar unga iPhone 15 Pro Max olib kelmasa, o‘sha sirni fosh qilib, o‘zini javobgar qilmoqchiligini aytgan.
Bundan qo‘rqib ketgan fuqaro DXX Qoraqalpog‘iston bo‘yicha boshqarmasiga murojaat qilib, yordam so‘ragan. DXX Qoraqalpog‘iston bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda Qo‘ng‘irot tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari fuqarodan talab qilingan iPhone 15 Pro Max‘ni olayotgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


