O‘quvchilarni maktabga borib-kelishi uchun avtobus qatnovi birinchi bo‘lib Qoraqalpog‘istonda yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuvda maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, Qoraqalpog‘istonda 160 ta yangi bog‘cha qurilishi va taʼmirlanadi, 2 mingta xususiy bog‘cha tashkil qilinadi.
“Biz kelgusi yetti yilda qo‘shimcha 100 ming yangi o‘quvchi o‘rni yaratamiz. Bunda, 30 ta yangi maktab va 150 ta maktab uchun qo‘shimcha bino quriladi, 350 tasi taʼmirlanadi.
Ixtisoslashgan maktablar soni esa 2 karra oshirilib, 32 taga yetkaziladi. Natijada Qoraqalpog‘istondagi maktablarda 30-35 nafardan ortiq bola o‘qiydigan sinflar umuman bo‘lmaydi.
Biz 1-4-sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berishni Qoraqalpog‘istondan boshlagan edik. Endi, olis va chekka ovullardagi bolajonlarimizning maktabga borishi uchun avtobus qatnovini ham, birinchi bo‘lib shu zamindan boshlaymiz”, — deb taʼkidladi nomzod.


