Senatning qirq birinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasida investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqildi hamda maʼqullandi.
Yangi qabul qilinayotgan qonun bilan Soliq kodeksiga Qoraqalpog‘iston Respublikasining tadbirkorlik subektlari uchun foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, mol-mulk solig‘i va yer solig‘i 2028-yil 1-yanvarga qadar 50 foizga kamaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanmoqda, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq esa shaharlar hududida faoliyatni amalga oshirayotgan shaxslar uchun 12 baravarga, tumanlar darajasida 6 baravarga kamaytirilmoqda hamda yiliga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida belgilanmoqda.
Bundan tashqari, «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi nodavlat taʼlim tashkilotlarining o‘quv jarayoniga jalb etiladigan chet el mutaxassislari (o‘qituvchilari) konsullik yig‘imini hamda doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun undiriladigan davlat bojini to‘lashdan 2027-yil 1-oktyabrga qadar ozod qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.


