Bugun, 13 may kuni Ostona sudi Qozog‘istonning sobiq iqtisodiyot vaziri Quvondiq Bishimbayev ishi bo‘yicha hukm o‘qidi. U turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenovani o‘ta shafqatsiz qiynoqqa solish va o‘ldirishda aybdor deb topilib, 24 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Jinoyatni yashirishda ayblangan Bishimbayevning amakivachchasi Baxitjan Bayjanov 4 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Sud jarayonining onlayn-translyatsiyeyni 100 mingga yaqin odam tomosha qildi.
Qotillik 2023 yil 8 noyabrdan 9 noyabrga o‘tar kechasi Ostonadagi “Bau” restoranida sodir bo‘lgan. Bishimbayev marhuma bilan janjal boshlab, u jismoniy zo‘ravonlikka yetib borgan: videokuzatuv kameralarida Bishimbayev xotiniga zarba bergani va u boshi devorga urilgach, yiqilgani qayd etilgan. Ayol hushini yo‘qotgach, Quvondik Bishimbayev o‘lim bilan olishayotgan Saltanatga yordam chaqirish o‘rniga restoran kabinasida ovqatlanib, boshqa ayollar bilan ko‘rishgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, mojaro chog‘ida Bishimbayev Nukenovani kabinaning o‘zida ham, uning tashqarisida ham bir necha bor kaltaklagan. Sochidan tortib, tepib, mushtlagan. Bundan tashqari, Bishimbayev ayolning qiynoqlarini o‘zi sudda taqdim qilgan telefonining kamerasiga yozib olgan. Saltanat ko‘plab tan jarohatlari olib, vafot etdi.


