Qozog‘iston Majlisi deputati Yermurat Bapi davlat sirlariga kirish huquqiga ega bo‘lgan sobiq yuqori lavozimli amaldorlarning, jumladan, mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning chet elga chiqishlarini qonuniy jihatdan cheklashni taklif qildi. Bu haqda Orda.kz nashri xabar bermoqda.
Deputat mazkur tashabbusni milliy xavfsizlikni ta’minlash zarurati bilan izohladi. Uning ta’kidlashicha, sobiq prezidentlar, vazirlar va boshqa yuqori martabali amaldorlar xizmat faoliyati davomida davlat sirlariga ega bo‘lgan va bu ma’lumotlar mamlakat xavfsizligi uchun hanuz muhim ahamiyat kasb etadi.
Yermurat Bapi ushbu taklifni Nursulton Nazarboyevning yaqinda Rossiya poytaxti Moskvada Vladimir Putin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi fonida ilgari surgan.
Deputatning fikricha, bunday tashriflar ayrim holatlarda Qozog‘iston milliy xavfsizligiga tahdid sifatida baholanishi mumkin.
U davlat sirlariga ega bo‘lgan shaxslarning chet elga safarlarini tartibga soluvchi alohida qonun zarurligini ta’kidlab, xalqaro tajribani, xususan, Xitoyda amalda bo‘lgan cheklovlarni misol sifatida keltirdi.
Deputat, shuningdek, Nursulton Nazarboyev va sobiq Bosh prokuror Qayrat Kojamjarov kabi shaxslar uchun oldindan “chegara nazorati” yoki “xavf indikatori” joriy etishni taklif qildi. Uning aytishicha, sobiq prezidentning Moskvaga safari ayrim doiralarda davlat idoralari va jamiyatga nisbatan siyosiy bosim sifatida qabul qilinishi mumkin.
Jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, Yermurat Bapi hozirgi sharoitda ushbu tashrifdan mamlakat uchun hech qanday siyosiy foyda ko‘rmayotganini bildirgan.
“O‘z mamlakatida, o‘z xalqi orasidan tayanch topa olmagan insonga achinaman. Endi u chet eldan tayanch izlashga majbur. Bu sobiq prezident uchun fojia”, — dedi deputat.


