Qozog‘istonning Cybernet AI startapi turkiy tillar uchun mo‘ljallangan eng yirik avtomatik nutqni aniqlash (ASR) sunʼiy intellekt modelini ishlab chiqdi va taqdim etdi. Mazkur model qozoq, turk, o‘zbek, qirg‘iz, ozarbayjon va tatar tillariga asoslangan bo‘lib, Markaziy Osiyoda shu miqyosda yaratilgan ilk to‘liq mahalliy ASR yechim hisoblanadi. Bu haqda Tengrinews nashri xabar berdi.
Qozog‘iston Respublikasi Sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, ushbu loyiha ingliz tilidagi mavjud modellarni moslashtirish asosida emas, balki turkiy tillar guruhining fonetik, grammatik va lingvistik xususiyatlarini to‘liq hisobga olgan holda noldan ishlab chiqilgan. Bu esa uni mintaqa uchun strategik ahamiyatga ega innovatsion mahsulotga aylantiradi.
Loyiha Astana Hub hamda Qozog‘iston Respublikasi Sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligining strategik ko‘magi asosida, Misrosoft GPU infratuzilmasidan foydalangan holda amalga oshirilgan. Astana Hub boshqaruvchi direktori Tanat Uskembayevning taʼkidlashicha, ushbu ishlanma turkiyzabon mamlakatlarga sunʼiy intellektga asoslangan raqamli xizmatlarni sifatni pasaytirmagan holda, o‘z ona tillarida va maqbul narxlarda joriy etish imkonini beradi.
“Cybernet AIʼning rivojlanishi Qozog‘iston uchun global AI yechimlari isteʼmolchisi maqomidan xalqaro bozorda raqobatbardosh texnologiyalar ishlab chiquvchisiga aylanish yo‘lida muhim qadamdir”, — dedi Uskembayev.
Cybernet AI texnik direktori Rashid Ismoilovning aytishicha, kompaniya ataylab ingliz tilidagi modellarni moslashtirishdan voz kechib, mahalliy og‘zaki nutqning jonli va murakkab shakllarini tushuna oladigan sunʼiy intellekt modelini yaratishni maqsad qilgan. Uning fikricha, ushbu loyiha nafaqat texnologik mahsulot, balki mintaqaviy sunʼiy intellekt ekotizimini rivojlantirish va Qozog‘istonning texnologik suverenitetini mustahkamlashga xizmat qiladi.


