Yaqin kunlarda qozoq ijtimoiy tarmoqlardida bog‘cha bolalarining sahna ko‘rinishi tasvirlangan videoyozuvlar tarqaldi. Tarbiyalanuvchilar qozoq talabasining sovet askarlari tomonidan qatl etilgani sahnasini jonlantirgan.
Videolavhaning tarqalishi bilan mamlakatda Sovet Ittifoqi haqidagi xotiralar ham jonlanib ketdi. Albatta, o‘sha kunlarni Markaziy Osiyo xalqlari kabi, qozoqlar ham salbiy kayfiyat bilan eslashadi.
Gazeta.ru sayti bog‘cha bolalarining gavdalantirgan sahna ko‘rinishidan so‘ng uyg‘onib ketgan xalq kayfiyatidan ruhlangancha maqola tayyorlashdi. Unda bir nechta mutaxassislarning fikrlari ham berilgan.
Nashrning yozishicha, Nursulton Nazarboyev prezidentlikdan ketgach mamlakatda millatchilik tuyg‘ulari ustidan nazorat “zaiflashdi”. Bu fikrni MDH davlatlari instituti direktori o‘rinbosari Vladimir Jarixin aytgan. Uning fikriga ko‘ra, Nazarboyev o‘z davrida vaziyatni nazorat qilgan, ammo o‘shanda ham rusiyzabon aholining muammolari bo‘lgan.
“Bir milliondan ortiq rus va nemis Qozog‘istonni tark etgan”, - deydi u.
Keyingi jarayonlarda Turkiston viloyati taʼlim boshqarmasi boshlig‘i Rahimbek Jo‘layev bu videoyozuv, taxminan, to‘rt yil avvalgi ekanligini taʼkidlagan. Uning aytishicha, maktabgacha taʼlimning namunaviy dasturida bunday ko‘rinishdagi sahna ko‘rinishlari hech qachon ko‘zda tutilmagan. Rasmiylar maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbarlari bilan bolalar ishtirokida bunday chiqishlarga yo‘l qo‘yilmasligi haqida tushuntirish suhbatlari o‘tkazgan.
Maʼlumot uchun, bog‘cha bolalari jonlantirgan sahna ko‘rinishiga oid voqealar 1986 yilda Olma-ota shahrida yuz bergan. Nashrning yozishicha, voqealarga katta miting boshlangani sabab bo‘lgan. Miting o‘tkazishdan maqsad esa qozoqlarni qozoq mintaqasidagi yetakchi lavozimga tayinlash edi. Biroq hukumat norozilikni hibsga olish orqali bostirgan. Namoyishchilardan 99 nafari qo‘lga olingan. Gazeta.ru‘ning yozishicha, ulardan faqat ikki nafari o‘limga mahkum etilgan.
Sahna ko‘rinishida bosh qahramon hisoblangan Qayrat Risqulbekov o‘sha o‘limga mahkum qilinganlardan biri bo‘lgan. U 20 yoshli talaba bo‘lib, aslida unga o‘lim emas, 20 yillik qamoq jazosi tayinlangan. Biroq keyingi jarayonlarda u otib o‘ldirilgan. Qotillik sababi ochiqlanmagan. O‘ldirishga bahona esa – “sovet askarini yaralagan” deb talqin qilinadi.
Hozirda Qayrat Risqulbekov qozoqlarning milliy qahramonlaridan biri hisoblanadi.
“Biroq u vaqtlarda vaziyat bunday ochiqdan ochiq namoyishlar bilan kechmagan. Hammasi tinch va sezilmas tarzda hal bo‘lgan”, - deydi MDH davlatlari instituti direktori o‘rinbosari Jarixin.
“…bu video o‘z tabiatiga ko‘ra jirkanchdir”, - deydi siyosiy tahlilchi Arkadiy Dubnov mazkur holatga baho berar ekan. Uning taʼkidlashicha, bunday videolar sovet xalqining "Ulug‘ Vatan urushi"dagi g‘alaba bilan bog‘liq tarixiy yutuqlariga parazitlik qilishga o‘xshaydi.
“Bunday turdagi talqinni Rossiya bolalar bog‘chalarida ham kuzatdik. U yerda o‘tkaziladigan “G‘alaba kuni”da bolalarga harbiy kiyim kiydirishgan va dushmanga muqaddas nafratni uyg‘otishda turli xil sahnalarni taqlid qilish uchun yog‘och avtomatlar berishgan”, - deydi u.
Siyosatchining tahlilicha, mustaqil Qozog‘istonning shakllanib borishi qozoqlar uchun fojiali bo‘lgan sovet o‘tmishidan uzoqlashishda sodir bo‘lmoqda. Milliy-vatanparvarlik tuyg‘ularining ortishi va sovet tajribasini fojiali tarzda qayta ko‘rib chiqish mazkur turdagi salbiy ko‘rinishlarni paydo qilaveradi.
Professor Andrey Kazansevning aytishicha, Sovet Ittifoqi haqidagi bunday salbiy “rivoyat”lar barcha Sovet respublikalariga tegishli bo‘lishi kerak. Biroq Sovet Ittifoqiga bo‘lgan kuchli nafrat keyingi jarayonlarda Markaziy Osiyo davlatlarida kuchayib ketgan.
“Bu nafaqat Qozog‘iston, balki Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga ham tegishli. Turkmanistonda Saparmurod Niyozov, O‘zbekistonda esa Islom Karimov davrida. Bu, birinchi navbatda, ushbu mamlakatlarda paydo bo‘lgan yangi o‘ziga xosliklar bilan bog‘liq. Yaʼni, istiqlol bilan bog‘liq bo‘lgan kuchli millatchilik sabab. Bu hodisa nafaqat “antisovet”, balki “antirossiya” xarakterini ham oldi”, - deydi Kazansev.
Vladimir Jarixinning fikricha esa, Rossiya hukumati Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi bu kabi hodisalar va etnik zulmning boshqa ko‘rinishlariga nisbatan keskin munosabatda bo‘lishi kerak.
"Bu kabi narsalarga kim duch kelishidan qatʼi nazar, reaksiya juda qattiq bo‘lishi kerak. Bu inson huquqlarining buzilishidir. Bu ekstremizm bo‘lib, uni mahalliy millat qilyaptimi yoki yo‘qmi, javobgarlikka tortilishi zarur”, - deya fikr bildiradi Jarixin.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya radikal millatchilik ko‘rinishlariga nisbatan keskin munosabat bildirmoqda. Endi bu qo‘shnilardan ham talab qilinishi kerak.
“Integratsiya va harbiy birlashmalar bo‘yicha ittifoqchilarimizdan, jumladan Qozog‘istondan ham xuddi shunday qattiqqo‘l munosabatni talab qilishga to‘liq haqqimiz bor”, — deydi MDH davlatlari instituti direktori o‘rinbosari Vladimir Jarixin.
Maqola so‘ngida Gazeta.ru nashri ham o‘z o‘rnida xulosasini o‘quvchiga havola qiladi:
“O‘sha vaqtda nafaqat ruslar, balki qozoqlar ham sovet askarlari kiyimini kiyishgan. Shu bois, buni ruslarga yoki Rossiyaga qarshi harakat deb aytish adolatsizlikdir.”
Avvalroq SSSRdan qochgan 18 yoshli qiz jasorati haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev


