O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida ikki yo‘lakli (yashil va qizil) tizim tugatildi. U 2018 yil 1 yanvarda ishga tushirilgandi. O‘rniga masofaviy bojxona nazorati tizimi joriy etildi.
O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida ikki yo‘lakli (yashil va qizil) tizim tugatildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 11 avgustdagi 363-son qarori bilan hukumatning 2017 yil 11 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida ikki yo‘lakli tizimni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida» 814-son qaroriga bojxona maʼmurchiligini soddalashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Bojxona maʼmuriyatchiligini yana-da takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2022 yil 27 apreldagi PF-122-son farmoni bilan xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida «masofaviy bojxona nazorati» (maxsus ajratilgan joylarda vizual kuzatuvni amalga oshirish orqali) tizimi joriy etilgan.
Shu munosabat bilan endilikda xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida ikki yo‘lakli (yashil va qizil) tizim tugatildi. Eslatib o‘tamiz, bu tizim 2018 yil 1 yanvar kunidan ishga tushirilgandi.
Masofaviy bojxona nazorati — xalqaro aeroportlar orqali uchib ketayotgan yo‘lovchilarni maxsus ajratilgan joylarda xavfni boshqarish tizimidan foydalangan holda tanlab olish tamoyili asosida hamda masofaviy vizual kuzatuvni amalga oshirish orqali bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazishni taʼminlaydigan tizim.
Xalqaro aeroportlarining uchib ketish yo‘nalishida jismoniy shaxslarning bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish va ularga bojxona konunchiligi bo‘yicha tushuntirishlar berish uchun yo‘lovchilar harakatiga taʼsir qilmaydigan alohida bojxona rasmiylashtiruvi joyi tashkil etiladi.
Bojxona rasmiylashtiruvi joyi davlat tilida, rus va ingliz tillarida “Bojxona”, “Tamojnya” va “Customs” yozuvlari bo‘lgan maxsus grafik belgi bilan belgilanadi.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi xalqaro aeroportlarining uchib ketish joyidagi masofaviy bojxona nazorati tizimiga qo‘yiladigan talablar belgilab olindi.


