Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan joylarda aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni o‘rganish va hal etish bo‘yicha qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Har bir guruhga Prezident Administratsiyasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Xalq qabulxonalari masʼul xodimlari, 13 ta respublika vazirlik va idoralari hamda viloyat, tuman va shahar sektorlari, sohaviy tashkilotlar rahbarlari jalb etilgan.
Bugungi kunda ishchi guruh vakillari Qoraqalpog‘iston, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida o‘z faoliyatini olib bormoqda.
Aniqlangan muammolarni o‘z vaqtida hal etish maqsadida uch kun davomida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
Qoraqalpog‘iston:
Jami 7,3 km ichki yo‘llar shag‘allashtirildi. Aholiga qo‘shimcha 142,6 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 197 dona temir-beton ustunlar o‘rnatildi hamda 2,5 km tarmoq tortildi. Ichimlik suvini yaxshilash borasida yangidan 1 km ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Kommunal xo‘jaligi sohasini yaxshilash borasida 5 ta ko‘p qavatli uylarning tom qismini joriy taʼmirlash, kirish yulaklarini taʼmirlash, yerto‘la qismidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalarini taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. ishlari olib borilmoqda. 34 ta ko‘p qavatli uylarning muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalarini taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Tijorat banklari tomonidan 1 386 nafar fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga kreditlar ajratilishi taʼminlandi. “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘arma”si mablag‘lari hisobidan subsidiya asosida jami 24,0 mln. so‘mlik tikuv mashinasi, overlok dazmol va payvandlash va o‘lchov uskunasi, kesish apparati yetkazib berildi.
Farg‘ona viloyati:
Ichki yo‘llarning jami 91,4 km qismi taʼmirlandi. Shundan, 47,8 km yo‘lga shag‘al yotqizildi, 43,6 km yo‘l asfalt qilindi. Aholiga qo‘shimcha 792,0 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 116 ta temir beton tayanchlar o‘rnatildi, 3,9 km tarmoq tortildi, 5 ta transformator taʼmirlandi. Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida yangidan 11,8 km tarmoq tortildi, 11 ta suv nasosi o‘rnatildi. 42 ta ko‘p qavatli uyda taʼmirlash ishlari olib borildi.
Tijorat banklari tomonidan 2 698 nafar fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga kreditlar ajratilishi taʼminlandi. Jami 534 nafar fuqaroning bandligiga ko‘maklashildi.
Tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish maqsadida faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 185 nafar fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak bo‘lgan 1,2 mlrd. so‘mlik asbob-uskuna va mehnat qurollari subsidiya asosida olib berildi.
Namangan viloyati:
Ichki yo‘llarning jami 9,2 km qismi taʼmirlandi. Ichimlik suvi tizimidagi eskirgan suv tarmoqlari yangilandi, 3 dona suv tik quduqlari qayta tozalandi, 6 dona suv nasoslari yangilandi va 6 dona nasos agregatlari taʼmirlanib qayta o‘rnatildi. Aholiga qo‘shimcha 473,8 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.
Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 37 ta transformator punktlari mukammal taʼmirlandi, yangi elektr uzatish tarmoqlari tortildi, 48 dona eski simyog‘ochlar yangilandi, 3,4 km mavjud elektr uzatish tarmoqlari almashtirildi.
Oilaviy poliklinikalarda 5 231 nafar bemorlarga bepul dori-darmon tarqatildi. 77 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, 3 nafar fuqaroga elektron pultli aravacha, 127 nafar fuqaroga 179,5 mln. so‘mlik reabilitatsiya qilishning texnik vositalari berildi.
Ishlar davom etmoqda.


