Unga ko‘ra, Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga (Akademiya) quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi, jumladan:
➖raqamli kriminalistika sohasida innovatsion tadqiqotlar olib borish, katta hajmdagi maʼlumotlar (“Big Data”), sunʼiy intellekt va boshqa ilg‘or texnologiyalarni tahlil qilib, amaliyotga joriy etish;
➖huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jinoyatlarning raqamli izlarini aniqlash, olib qo‘yish, saqlash va tadqiq qilish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari, tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlarini o‘tkazishda raqamli kriminalistika jihatidan amaliy yordam berish;
➖raqamli ekspertizaning zamonaviy texnologiyalari va vositalarini joriy etish.
Akademiyaning Raqamli kriminalistika ilmiy-uslubiy markazi negizida Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti (Institut) tashkil etiladi.
2024 yil 1 avgustdan Institutga raqamli kriminalistika bo‘yicha sud ekspertizalari va tadqiqotlarni o‘tkazish huquqi beriladi.
Institut sud-ekspertlik faoliyati qamrovini kengaytirish maqsadida 2024 yil yakunigacha katta hajmdagi maʼlumotlar (“Big Data”) ekspertizasi o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yadi.
“Raqamli dalillar yagona reyestri” idoralararo avtomatlashtirilgan tizimining sinov versiyasi 2025 yil 1 martgacha, 2025 yil 1 avgustgacha to‘liq versiyasi joriy etiladi.


