1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Rasul Kusherbayev Ekologiya qo‘mitasidan norozi

Oliy Majlis Senati deputati qo‘mitadagi ishdan bo‘shatilgan xodimlar haqida fikrlarini bildirdi.

Rasul Kusherbayev Ekologiya qo‘mitasidan norozi

 

Kusherbayev Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘lgan Islombek Boqijonovning yo‘nalishi chiqindilarni tartibga solish bo‘lsa-da, o‘tgan davrda ular bilan daraxt kesishga qarshi masalalarda ko‘p ishlagani, kuni kecha esa ular besabab ishdan olinganini taʼkidlagan. 

 

«Ularning ishdan ketishiga sabab haqida ko‘pchilik qatori mendagi taxmin ham aynan daraxtkushlik voqealariga bog‘lanmoqda.

Men Ekoqo‘mitada tabiatni sevadigan odam ishlashi kerak, deb hisoblayman va Islombek aka shundaylardan.

Oxirgi uchrashuvimizda chiqindilarni boshqarishda davlat xususiy sheriklikda ishlash uchun 50 dan ortiq bitimlarni imzolanishiga erishishganini aytgandi. Investitsiya summasi 1 trillion atrofida ekan.

To‘g‘ri, oldinda muammolar ko‘p, biroq bu yeng shimarib ishlashning boshlanishi edi.

Shuningdek, yaqinda Chilonzor va Uchtepa tumanlaridagi daraxtkushlikda ham Islombek aka jonbozlik ko‘rsatib, qancha bosim va qiyinchilik bo‘lmasin, faollarni yonida turgandi. O‘shanda qo‘mitadan boshqa hech kim kelmagan.

Afsuski, ko‘pchilik aynan qiyin, qaltis vaziyatlarda daraxt kesayotganlarga qarshi kurashda negadir panada turardi, Islombek aka esa aksincha yonimizda bo‘lgan.

Nazarimda daraxtkushlikka qarshi kurashayotgan, tabiatni saqlab qolish yo‘lida harakat qilayotganlar haqida rahbariyatga noxolis maʼlumotlar kiritilmoqda. Va bu ish boshida daraxt kesilishidan manfaatdor tomonlar bo‘lishi mumkin.

Agar shunday bo‘lsa holimizga voy o‘rtoqlar: haqiqiy «yashil makon»ni tushimizda ko‘ramiz», — deb yozgan deputat.

 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 sentabr kuni Toshkent shahri Chilonzor tumani hududida qurilish tashkiloti tomonidan 58 tup daraxtni kesib tashlagani jamoatchilik faollarining noroziliklariga sabab bo‘lgandi. Oradan naqd uch kun o‘tib Bosh prokuratura "tilga kirgan". Tashkilot munosabatiga ko‘ra, qurilish tashkiloti rahbarining kesilgan daraxtlar uchun qariyb 800 million so‘m badal puli to‘lab berganini maʼlum qilgan.

 

Kusherbayev esa “daraxtkesarlik”ning aybdori faqat qurilish tashkiloti rahbari bo‘lmagani, balki tuman hokimi va prokuroriga ham tegishli chora ko‘rish zarurligini taʼkidlagan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика