Futbol jamoatchiligi “Real” klubi "PSJ" hujumchisi Kilian Mbappening transferini qachon e’lon qilishini kutmoqda.
Aksariyat manbalar madridliklar 25 yoshli forvard bilan 2029-yilning yarmigacha davom etadigan shartnoma imzolab bo‘lgani haqida anchadan beri ma’lumot tarqatib kelmoqda. Biroq bu masalaga klub ham, futbolchi ham oydinlik kiritgani yo‘q.
Ma’lum qilinishicha, “Qirollik klubi” Kilian Mbappe transferini Germaniya mezbonlik qiladigan Yevropa chempionati oldidan rasman e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Qit’a chempionati joriy yilning 14-iyun kuni start oladi. Qolaversa, tomonlar "PSJ" va “Real” Chempionlar ligasidagi ishtirokini to‘xtatmaguncha transferni e’lon qilmaslik borasida kelishib olgani aytilmoqda.


