Davlat bayrog‘ining qabul qilinish kuni arafasida 13 noyabr kuni respublikaning 15 ta shahrida bir vaqtda «Yangi nafas» sport musobaqalari bo‘lib o‘tadi. Respublika bo‘ylab 32 mingga yaqin ishtirokchi «Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda — birga yuguramiz» yagona shiori ostida birlashadi.
Shuningdek, davlat bayrog‘i kunini nishonlash doirasida Farg‘ona, Qo‘qon, Namangan, Andijon, Chirchiq, Guliston, Jizzax, Samarqand, Qarshi, Termiz, Navoiy, Buxoro, Urganch, Nukus va Toshkent aholisi «Yangi Nafas» sport ommaviy yugurish musobaqasiga qo‘shiladi. Ushbu kuni Toshkentda bir vaqtda 3 ta ommaviy yugurish musobaqalari tashkillashtiriladi – «Yangi O‘zbekiston», “Ashxobod” parklarida va Humo Arena muz saroyining hududida.
Barcha shaharlar uchun «Yangi nafas» sport ommaviy yugurish musobaqasining yagona masofa uzunligi 3 kilometrni tashkil qiladi. Tashkilotchilarning maʼlum qilishicha, ushbu masofa har qanday tayyorgarlik darajasiga ega ishtirokchi uchun optimal masofa hisoblanadi. Tajribali yuguruvchilar uchun dasturga 12 kilometr uzunlikdagi masofa kiritilgan bo‘lib, uning marshruti «Yangi O‘zbekiston» parkida o‘tadi.
Ommaviy yugurish musobaqasida nogironligi bo‘lgan yuguruvchilarning xavfsiz va qulay ishtirok etishining taʼminlanadi. Adliya vazirligining ko‘magida shaharlarning har birida ularning keng ko‘lamli tadbirda qatnashishi tashkil etiladi.
Shuningdek, «Yangi nafas» ommaviy yugurish musobaqasi doirasida, har bir shaharda konsert – ko‘ngilochar tadbirlarning o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, davlat bayrog‘i kuniga bag‘ishlab ommaviy fleshmoblar bo‘lib o‘tadi.
«Yangi nafas» ommaviy yugurish musobaqasining tashkilotchilari sifatida Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, Sportni rivojlantirish vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, “O‘zbekneftgaz” AJ hamda Yengil atletika federatsiyasi ishtirok etmoqda.
Maʼlumot o‘rnida, «Yangi nafas» — aholini sog‘lomlashtirish va sog‘lom turmush tarzini rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy harakat. Ommaviy yugurish musobaqasi Yengil atletika federatsiyasi ishtirokida 2019 yildan beri o‘tkazib kelinmoqda. Loyiha doirasida O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab xayriya ommaviy yugurish musobaqalari va marafonlar, sport tadbirlari o‘tkazilmoqda.


