Respublika Ishchi guruhi tomonidan Farg‘ona viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni o‘rganish hamda «Obod xonadon - obod ko‘cha - obod mahalla» mezonlarini joylarda joriy etish, aholi bilan muloqot o‘tkazish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Prezident maslahatchisi o‘rinbosari boshchiligida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Xalq qabulxonalarining masʼul xodimlari, 15 ta respublika vazirlik va idoralari hamda viloyat, tuman va shahar sektorlari, sohaviy tashkilotlar rahbarlari mazkur faoliyatga jalb etilgan.
Respublika ishchi guruhining navbatdagi manzili Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanining anklav hududi hisoblangan “Shohimardon” va “Yordon” mahalla fuqarolar yig‘inlari bo‘ldi.
Ushbu 2 hududda bugungi kunda 1,2 mingdan ziyod xonadon mavjud bo‘lib, 7 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.
Ishchi guruh o‘rganishlari davomida olib berilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlar, mahallabay tizimi asosida aholi muammolari bilan ishlash, hududlarda faoliyat olib borayotgan MFY raisi, hokim yordamchisi, mahalla faoli, yoshlar yetakchisi va profilaktika inspektorlarining faoliyati tahlil qilinib, mutasaddilarga kerakli tavsiyalar va amaliy ko‘maklar berildi.
Xususan, mahallalardagi ishsiz xotin-qizlar, yoshlarga ularning qiziqishlari va ehtiyojlaridan kelib chiqib, bandligini taʼminlash maqsadida tikuv mashinalari, kultivatorlar va boshqa mehnat uskunalari olib berildi.
“Shohimardon” MFY binosida va “Hazrati ali” ziyoratgohida mahallardagi aholi vakillari, yoshi ulug‘ otaxonlar va yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda bugungi kunda aholining turmush sharoitini yaxshilash, har oilaning daromadini oshishi, yillar davomida aholini qiynab kelayotgan muammolar o‘rganilib, ularning yechimi bo‘yicha aniq rejalar va moliyaviy manbalari belgilab olindi.
Jumladan, yaqin kunlarda aholining ehtiyojidan kelib chiqqan holda o‘z tadbirkorliklarini boshlash, o‘zini bandligini taʼminlash niyatini bildirgan fuqarolarga mahallalardagi hokim yordamchilarining tavsiyasiga asosan subsidiya hamda qator imtiyozli kreditlar ajratiladigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, anklav hududlarda faoliyat olib borayotgan beshlikning faoliyatini yana-da jadallashtirish, o‘zlariga belgilangan vazifalarni sidqidildan bajarish, tuman, mahalla miqyosda hal etilishi mumkin bo‘lgan muammolarni joyida hal etish choralarini ko‘rish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Ishlar davom etmoqda.


