1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Respublika ishchi guruhining ommaviy qabuli bo‘lib o‘tdi

Bu galgi manzil — Sirdaryo viloyati.

Respublika ishchi guruhining ommaviy qabuli bo‘lib o‘tdi

 

Aholi murojaatlariga yechim topish maqsadida Respublika ishchi guruhi Sirdaryo viloyatida o‘rganishlarini olib bordi. Bunda asosan yo‘l, suv, elektr energiyasi taʼminoti hamda ijtimoiy soha obyektlarining holatini yaxshilash kabi muhim masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Jumladan, Xovos tumanidagi “Oqchangal” hamda “O‘zbekiston to‘kinchiligi” mahallalari aholisining murojaatlariga asosan 31 km ichki yo‘llarni taʼmirlash reja qilib olingan edi, bugungi kunga qadar 26 km taʼmirlandi. Bu ishlar hudud aholisining og‘irini ancha yengil qildi.

 

Respublika ishchi guruhining o‘rganishlari asosida Sardoba tumanida ham ichki yo‘llar shag‘allashtirilmoqda. “Birlashgan” va "Fayzliobod" mahallalari hududidagi 2,5 km.ga yaqin ichki yo‘llarga tosh-shag‘al aralashmasi to‘kilib, maxsus texnikalar yordamida tekislandi.

 

O‘rganishlari mobaynida elektr taʼminotida ham qator muammolar borligi ko‘zga tashlandi. Aholining murojaatlariga asosan hududlarga 2 dona transformator, 61 dona temir-beton ustunlar o‘rnatildi hamda yangi elektr tarmog‘i tortildi.

 

Og‘ir hududlardagi ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash borasida ham qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Xovos tumanining olis “Oqchangal” mahallasi aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida bitta tik quduq qazilib, ikkitasida taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

 

Bundan tashqari, Mirzaobod tumani “Nurafshon” mahallasining aholisi 35 yildan buyon suv taʼminotidagi muammolardan qiynalib kelar edi. Respublika ishchi guruhining o‘rganishlari natijasida hududga bir dona tik quduq qazilib, 6 km ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Shuningdek, bir dona tik quduqda tozalash ishlari amalga oshirildi. Buning uchun 1 milliard 594 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Natijada, mahalladagi 142 xo‘jalik toza ichimlik suvi bilan taʼminlanadi.

 

Guliston shahar aholisi yil sayin ortmoqda. Shuni inobatga olgan holda yangi suv inshootlari bunyod etilmoqda. Hududning “Yangi hayot” mahallasida qiymati 5 milliard 605 million so‘m bo‘lgan 2 dona yangi tik quduq, suv havzasi hamda suv stansiyasi barpo etilmoqda. Ayni kunda 400 metr chuqurlikdan  toza ichimlik suvi olinmoqda.

 

Sirdaryo tumanining “Tinchlik” mahallasida xam  qiymati 2 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan suv inshooti qurilishi nihoyasiga yetkazilmoqda. Aholiga 4 kilometrdan ziyod ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Natijada esa 3600dan ziyod aholining ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji yana-da yaxshilanadi.

 

Aholini ijtimoiy muhofaza qilish, uning bandligini taʼminlash davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Xovos tumanida istiqomat qiluvchi Gulnora opa Bekqulova ham bankdan olgan imtiyozli 25 million so‘m krediti evaziga tomorqasidan 6 sotixlik issiqxona tashkil etdi. Natijada o‘zi va oila aʼzolari uchun qo‘shimcha daromad manbai paydo bo‘ldi.

 

Xovos tumanidagi yosh tadbirkorlardan biri Bekmirza Eshboyev “Oqchangal” mahallasida 6 milliard so‘m mablag‘ evaziga “Yoshlar mehnat guzari”ni tashkil etdi. Unga Respublika ishchi guruhi hamda sektor rahbarlari  tomonidan joy ajratishda ham imtiyozli kredit olishda amaliy yordam berildi. Guzarda ayni kunda 40 nafar hudud aholisi ishlab kelmoqda. To‘liq ishga tushgach, yana 100 nafardan ziyod aholi ish bilan taʼminlanadi.

 

Bu kabi yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Respublika ishchi guruhi ko‘magida 636 nafar fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklari tomonidan 22 milliard so‘m miqdorida kreditlar ajratilishi taʼminlandi.

 

Shu bilan birga Mirzaobod, Sayxunobod, Xovos Boyovut, Sardoba, Oqoltin tumanlari va Yangiyer, Guliston shaharlaridan 118 nafar fuqaroga tadbirkorlik faoliyatini boshlash maqsadida “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘arma”si mablag‘lari hisobidan subsidiya asosida jami 1003,0 million so‘mlik tikuv mashinasi, motokultivatorlar, qandolatchilik uchun maishiy texnikalar, qurilish asbob-uskunalari yetkazib berildi.

 

Respublika ishchi guruhi o‘rganishlari davomida aholidan  ijtimoiy soha obyektlarining holatini yaxshilash hamda qo‘shimcha binolar qurish borasida ko‘plab murojaatlar bo‘lgan edi.

 

Guliston shahrining “Namuna” mahallasida qurib foydalanishga topshirilgan “Golden kiy” nomli bolalar bog‘chasi ham mazkur o‘rganishlar natijasi bo‘ldi deyishimiz mumkin. Maktabgacha taʼlim tashkiloti 175 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozirda 150 nafar bolajonlar tarbiyalanmoqda. Bino zamonaviy tarzda jihozlangan. Bog‘chada 5 ta guruh  bo‘lib, 20 nafar ishchi xodim mehnat qilishadi.

 

Guliston shahrining “Nurafshon” mahallasi aholisi ham ortgani sababli qo‘shimcha maktabga ehtiyoj sezildi. Aholi murojaatlariga asosan hududdagi 17-sonli maktab hovlisidan qo‘shimcha 240 o‘rinli binoni qurish ishlari amalga oshirilmoqda.

 

Mirzaobod tumanidagi 2-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti ham bir necha yillardan buyon taʼmirtalab ahvolda edi. Qolaversa, bola sig‘imi kamligidan hudud aholisi bolalari uchun bog‘cha izlab ovora edi. Qilingan murojaatlarga asosan hududda 4 milliard 252 million so‘m mablag‘ evaziga 150 o‘rinli qo‘shimcha binoning qurish va taʼmirlash ishlari boshlab yuborildi.

 

Bu kabi bunyodkorlik ishlari viloyatning barcha hududlarida davom etmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика