Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQShdan Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresning qo‘lga olinishi haqidagi ma’lumotlar yuzasidan rasmiy tushuntirish berishni talab qilmoqda. Bu haqda Rossiya TIV bayonotida ma’lum qilindi.
Vazirlikda qayd etilishicha, agar AQSh tomonidan Venesuela hududida prezidentni hibsga olish va majburan olib chiqib ketish holati tasdiqlansa, bu mustaqil davlat suverenitetiga nisbatan qo‘pol tajovuz hamda xalqaro huquqning asosiy tamoyillarini buzish sifatida baholanadi.
“Biz ushbu vaziyatni zudlik bilan aniqlashtirishga chaqiramiz. Agar bu harakatlar haqiqatan sodir bo‘lgan bo‘lsa, ular qabul qilib bo‘lmaydigan darajada jiddiy qonunbuzarlik hisoblanadi”, — deyiladi bayonotda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 3-yanvarga o‘tar kechasi AQSh qurolli kuchlari Venesuela hududiga zarbalar bergan. Oradan bir necha soat o‘tib, AQSh prezidenti Donald Tramp Nikolas Maduro va uning rafiqasi qo‘lga olingani hamda mamlakatdan olib chiqilganini e’lon qilgan. U operatsiya tafsilotlarini matbuot anjumanida ma’lum qilishini bildirgan.
AQSh rasmiylari Maduroni avvalroq narkotrafik va “narkoterrorizm” bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblab, uning qo‘lga olinishi uchun mukofot e’lon qilgan edi.
So‘nggi yillarda Vashington Karakasga nisbatan siyosiy va harbiy bosimni kuchaytirib kelmoqda.
Venesuela Tashqi ishlar vazirligi AQSh harakatlarini harbiy bosqin sifatida baholab, BMTga murojaat qilishini ma’lum qildi. Mamlakatda favqulodda holat e’lon qilingan. Rasmiy Karakas Maduroning hozirgi joylashuvi haqida aniq ma’lumot yo‘qligini bildirgan.


