Rossiya Ta’lim vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Fan va oliy ta’lim vazirligi hamkorligida migrant bolalarning fikri va xulq-atvorini monitoring qilish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Oxu.Az ning “Vedomosti” nashriga tayanib xabar berishicha, hujjatda o‘qituvchilarga o‘quvchilarning qonunbuzarlikka moyilligi, tarixiy xotira, an’anaviy qadriyatlar va davlat ramzlariga hurmatsizlikni ifodalovchi fikrlar mavjudligini aniqlash uchun ularning yozma ishlari hamda kundalik ifodalarini kuzatish tavsiya etiladi.
Shuningdek, muhojir bolalarning “Muhim suhbatlar” darslariga munosabati, siyosiy, ijtimoiy va diniy mavzular bo‘yicha radikal qarashlar yoki murosasizlik holatlari aniqlansa, tegishli choralar ko‘rilishi belgilangan.
To‘liqroq ma’lumot olish maqsadida o‘qituvchilarga norasmiy sharoitlarda individual suhbatlar va anonim so‘rovlar o‘tkazish ham tavsiya etilgan.


