1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Siyosat

Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan memorandum muhojirlikdagi bolalar huquqlarini himoya qiladi

Maʼlumotlarga ko‘ra, so‘nggi paytlarda mehnat muhojirlarining farzandlari qarmog‘ida qoldirilgan yaqin qarindoshlari yoki ota-onasi masʼuliyatsizligi tufayli  zo‘ravonlikka uchrashi hollari ko‘p kuzatilmoqda.

Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan memorandum muhojirlikdagi bolalar huquqlarini himoya qiladi

    Bugun dunyoning deyarli barcha  burchagida siyosiy tanglik, ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik hamda pandemiyaga qarshi kurash davom etayotgan bir vaziyatda mehnat muhojirlari farzandlarining taqdiri, ularning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

    Shu bois joriy yil 4 avgustda Mehnat muhojirlari farzandlarining muammolarini o‘rganish va ularga yechim topish maqsadida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Unda bolalar hayoti va faoliyatining barcha jihati – taʼlim, tarbiya, vasiylik va homiylik, migratsiya, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha huquqlari va qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlarini himoya qilish ko‘zda tutilgan.

    Hujjat Rossiyadagi o‘zbek va O‘zbekistondagi Rossiya fuqarolari oilalari bolalariga nisbatan qo‘llaniladi.

    Zamon.uz sayti muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakil(ombudsman) o‘rinbosari — Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Turgunova bilan muhojir bolalar himoyasi mavzusida suhbatlashdi.

    — Memorandumning imzolanishi sabablari xususida kengroq to‘xtalsangiz?

    —Bolalar huquqlarini himoya qilish tashkiloti ko‘p yillardan beri chet mamlakatlardan O‘zbekiston fuqarolaridan tug‘ilgan, lekin keyinchalik turli sabablar bilan tashlab ketilgan bolalarni O‘zbekistonga qaytarish jarayonlarini amalga oshirib kelyapti. Masalan, bunga “Mehr” operatsiyasini misol qilib keltirish mumkin. Bolalar yurtiga qaytarilgach mehribonlik uylariga joylashtiriladi yoki yaqin qarindoshlari qidiriladi.

     Bizga, odatda, bu borada juda ko‘p murojaat kelib tushadi. Masalan, Rossiyada ishlash davomida farzandli bo‘lgan va farzandiga tug‘ilganlik to‘g‘risida hujjat ololmagan, Rossiya fuqarosi bilan turmush qurib, farzandli bo‘lgan, lekin farzandiga egalik huquqi bo‘lmagan, nikohsiz farzandini tashlab ketgan va O‘zbekistonga qaytgach ko‘p yillardan keyin farzandini qaytarib olish istagida bo‘lgan kishilar shular jumlasidandir. Bular orasida qonunga zid ravishda farzandini olib ketib, sudma-sud yugurayotganlar, kasal bolasini davolatish ilinjida eshikma-eshik chopayotganlarning ham murojaatlari  bor.

   Bunday muammolarning aksariyati bevosita muhojirlar bilan bog‘liq. Taʼlim, sog‘liqni saqlash va hujjat rasmiylashtirish bilan bog‘liq murojaatlar ham uchraydi.

    Shu ishni qilgan ota-ona keyinchalik o‘zi bilan o‘zi bo‘lib ketadi, lekin o‘rtada bir begunoh bolaning umri xazon bo‘ladi, butun hayoti barbod bo‘ladi. Bularning barchasi ota-onalarning masʼuliyatsizligi, hayotga yengil-yelpi qarashi  oqibatida yuzaga kelmoqda. Bunday voqealar keyingi paytda nisbatan ko‘payayotganligi bois Rossiya bolalar Ombudsmani bilan hamkorlikda ishlashni yo‘lga qo‘ydik.

    —Muhojirlarga  qanday talablar qo‘yilyapti?

    —Muhojirlardan talab qilinadigan yagona narsa, ular qayerda bo‘lishidan qatʼiy nazar, o‘sha davlat tartib-qoidalariga bo‘ysunishi va  rioya qilishi zarur. Shunda hech qanday muammo yuzaga kelmaydi. O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, agar barcha hujjatlar o‘z vaqtida qonuniy rasmiylashtirilsa, bunday ovoragarchilik va bosh og‘riqlarga hech qanday hojat qolmaydi. 

Yordam olish masalasida esa shaxsdan faqat fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat va murojaat  talab qilinadi xalos.

    —Memorandum qoidalari asosan necha yoshlik bolalarga nisbatan qo‘llaniladi va ular qayerga murojaat qilishlari zarur bo‘ladi?

    — Unda barcha voyaga yetmagan barcha bolalarning “Bolalar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya”da ko‘rsatilgan huquq va manfaatlari himoya qilinadi. Fuqarolar bu borada O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi va Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga murojaat qilishlari mumkin. Ulardan ortiqcha hujjat yoki pul talab qilinmaydi.

    —Memorandum qachondan boshlab kuchga kiradi va uning ijrosini kim nazorat qiladi?

    —Hujjat imzolangan kundan boshlab amal qilmoqda. Bolalar huquqlari buzilishining har qanday holatini ko‘rib chiqishga vakolatli bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Rossiya-O‘zbekiston ishchi guruhi taʼsis etiladi. Ishchi guruh konsultativ-maslahat organi hisoblanib, bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha nizo va vaziyatlarni hal qilishga ko‘maklashish hamda maslahat yordami ko‘rsatish maqsadida yashash joyidan qatʼiy nazar arizalarni o‘rganib chiqadi.

     Fursatdan foydalanib ishlash yoki yashash maqsadida yurgan fuqarolarimizdan ularning o‘z farzandlari taqdiriga befarq bo‘lmasliklarini, har qanday holatda ham qonun talablariga rioya qilishlarini, ota-onalik burchi va masʼuliyatini his qilishlarini so‘raymiz.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика