Samarqand viloyati Payariq tumanida tibbiyot xodimasi tomonidan chaqaloqni noqonuniy ravishda olib chiqib ketish va uni sotishga urinish holati yuzasidan sud hukmi chiqarildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, tuman markaziy shifoxonasi tug‘ruqxona bo‘limida ishlagan K.A. ismli hamshira 2025-yil 12-aprel kuni ruhiy nosog‘lom ayolning yangi tug‘ilgan qizini aldov yo‘li bilan olib chiqqan. Keyinchalik chaqaloqni fuqaro F.B.ga 5 million so‘m va 100 AQSh dollariga bergan. Olingan mablag‘ shaxsiy ehtiyojlariga sarflangan.
Sud qaroriga binoan, K.A. O‘zbekiston Respublikasi JKning 135-moddasi 3-qismi “a” bandiga muvofiq jinoyat sodir etganlikda aybli deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Shuningdek, unga 2 yil davomida sog‘liqni saqlash tizimida rahbarlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqi taqiqlanadi.
Apellyatsiya instansiyasi dastlabki hukmning faqat avtomobilni davlat foydasiga musodara qilish qismi bo‘yicha qarorni o‘zgartirib, mashinani egasida qoldirdi.


