Ijtimoiy tarmoqlarda "Bola o‘g‘rilari paydo bo‘lgani aytilmoqda, qizaloqni oldiga kelib uni aldab olib ketishdi" sarlavhasi ostida tarqalgan video yuzasidan qo‘shimcha maʼlumot berildi.
Maʼlum qilinishicha, 2022 yil 26 aprel kuni Samarqand tumani “Obod” mahallasida yashovchi fuqaro tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, 2022 yil 25 aprel kuni Samarqand tumani “Qo‘shko‘prik” mahallasi hududida 2013 yilda tug‘ilgan qizining voyaga yetmaganligidan foydalanib unga bildirmasdan qulog‘idagi tilla sirg‘asini nomaʼlum shaxs o‘g‘irlab ketganligini bildirgan.
Tuman IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni 1997 yilda tug‘ilgan Sabina M. sodir etganligi aniqlanib, qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Sabina M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
«Hurmatli fuqarolar va ijtimoiy tarmoq faollaridan, shu kabi maʼlumot va xabarlarni tarqatishdan oldin ichki ishlar organlaridan uni aniqlashtirib olishlarini so‘raymiz!" deyiladi Samarqand viloyat IIB xabarida.


