Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani Qayrag‘och qishlog‘ida joylashgan “Ko‘ktosh” qabristoni hududidan qadimiy 2 ta dahma hamda 1 ta qabrtosh topildi. Topilmalar Madaniy meros agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘rganildi.
Qayd etilishicha, qabriston hududidan topilgan qadimiy dahma hamda qabrtoshlar Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Milliy ro‘yxatida qayd etilmagan.
“O‘rganishlar davomida topilgan noyob toshlar o‘rta asrlarga oid ekanligi aniqlandi. Ushbu topilmalarni tarixiy ahamiyatini aniqlash maqsadida Samarqand arxeologiya instituti xodimlari tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda”, – deyiladi xabarda.


