Kecha, 11-dekabr kuni Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida joylashgan bog‘cha va metan zapravkada yong‘in sodir bo‘lgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. Ushbu holat yuzasidan Samarqand viloyati FVB Matbuot xizmati ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 11-dekabr kuni soat 20:40 da Pastdarg‘om tumani Amir Temur mahallasida joylashgan maktabgacha ta’lim muassasasi binosida yong‘in sodir bo‘lgan. Shunga ko‘ra, 5 ta yongg‘in-qutqaruv ekipajlari jalb qilinib, voqea joyiga soat 20:43 da yetib borgan va soat 21:55 da yong‘in to‘liq bartaraf etilgan.
Yong‘in natijasida maktabgacha ta’lim tashkiloti binosining shift va tom qismi yonib zararlangan. Hozirda tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilib, yong‘inning kelib chiqish sababi anqlanmoqda.
Yana bir holatda esa, avtomobillarga suyultirilgan va siqilgan gaz quyish shahabchasida yong‘in sodir bo‘lgan. Kecha soat 21:00 da Pastdarg‘om tumani Go‘zalkent qo‘rg‘oni Go‘zalkent mahallasida joylashgan Avtomobillarga suyultirilgan va siqilgan gaz quyish shahabchasida yong‘in yuz bergan.
Shunga ko‘ra, 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 21:27 da yetib borgan va yong‘in soat 21:50 da to‘liq bartaraf etilgan. Shaxobchada suyultirilgan gaz yoqilg‘isini (propan) to‘kib olish jarayonida texnologik jarayonlarni buzilishi natijasida vintelda gazning lokal yonish sodir bo‘lgan.
Yonish natijasida bino-inshoatlarga va texnika vositalariga zarar yetmagan. Har ikkala holatda hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar aniqlanmagan. Hozirda tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilmoqda.


