O‘zbekistonda odam savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan Samarqand viloyatidan Turkiyaga ayollarni aldov yo‘li bilan yuborib kelgan transmilliy jinoiy tarmoq fosh etildi. Bu haqda IIV xabar berdi.
Aniqlanishicha, mazkur guruh 2020 yildan buyon ayollarni Istanbul shahriga yuqori maoshli ish vaʼdasi bilan olib chiqib, yetib borganidan so‘ng ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini olib qo‘ygan va fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlagan.
Jinoiy tarmoq tashkilotchisi Istanbul shahrida yashovchi, Samarqand viloyatida tug‘ilgan 39 yoshli ayol bo‘lib, u jabrlanuvchilarni joylashtirish masalalarini hal qilgan, mehmonxonalar bilan kelishuvlar olib borgan va umumiy jarayonni muvofiqlashtirib kelgan. Uning Samarqand shahrida yashovchi 37 yoshli sherigi esa moddiy ahvoli og‘ir bo‘lgan ayollarni topish bilan shug‘ullangan.
Maʼlum qilinishicha, vositachi har bir chet elga yuborilgan jabrlanuvchi uchun 400 AQSH dollari miqdorida pul olgan.
Tezkor tadbirlar davomida gumondorlar poytaxt aeroportida navbatdagi ikki nafar ayolni chet elga olib chiqishga uringan paytda qo‘lga olindi. Jabrlanuvchilar parvozdan oldin huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qutqarildi.
Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruh aʼzolariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilib, jinoiy tarmoq faoliyatining to‘liq ko‘lami hamda ushbu kanal orqali jabrlangan barcha shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda.


