So‘nggi kunlarda tashqaridagi issiq havo xaroratiga bardosh berish mushkul bo‘lmoqda. Bu jazirama issiqni yengib o‘tishda bizga nimalar yordam beradi? Qanday qilib issiq kunlarni o‘zimizga qulayroq qilib o‘tkizishimiz mumkin?
Jaziramadan saqlanish uchun tavsiyalar

Mutaxassislar 41 darajadan yuqori bo‘lgan harorat inson organizmiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi ehtimoli baland deb taʼkidlaydi. Bunda nafaqat bemorlar, balki sog‘lom insonlar ham o‘zini lohas sezishi va qator noxush kasalliklar yuzaga kelishi mumkin.
Oxirgi yillarda sayyoramizda anomal issiqliklar tez-tez sodir bo‘layotgani haqida maʼlumotlar ko‘p. Bizning mamlakatimiz issiq iqlimli mamlakat qatoriga kiradi. Lekin anomal issiqda organizmda keskin salbiy o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy.
Inson organizmining 70 foizdan ko‘prog‘i suyuqlikdan tashkil topgan bo‘lib, bu qon-tomir tizimida muhim ahamiyat kasb etadi. Qon-tomir tizimi faoliyati 36,6 haroratda o‘z hujayralarini oziqlantirish, kislorod bilan taʼminlash funksiyalarini meʼyorida bajara oladi. Ammo tana harorati balandlab ketganda, organizmda salbiy o‘zgarishlar ro‘y beradi.
Shu bois, anomal issiq sharoitida belgilangan umumiy qoidalarga amal qilishimiz lozim bo‘ladi.
Birinchi qoida — zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmaslik. Albatta jaziramadan himoyalovchi bosh kiyim kiyib yurish talab etiladi. Chunki bosh miyadan katta arteriya, vena qon tomirlari o‘tgan bo‘lib, jaziramada oftob urish ehtimoli kuchayadi.
Bunday sharoitda tabiiyki, yengil hazm bo‘ladigan taomlar hamda meva va sabzavotlar isteʼmol qilish, ko‘proq suyuqlik ichish talab etiladi. Kofe, shirin, gazlangan suvlarni isteʼmol qilmaslik maqsadga muvofiq.
Havoni yaxshi o‘tkazadigan, quyosh nurini qaytaradigan, keng tikilgan va tanaga yopishib turmaydigan kiyimlarni kiyish tavsiya etiladi. To‘q, xususan, qora va jigar rang matodan tikilgan kiyimlar o‘ziga issiqlik va quyosh nurini ko‘p tortadi. Oq rangli kiyimlar quyosh nurini yaxshi qaytarish xususiyatiga ega.
Oftob urishidan ehtiyot bo‘ling!

Oftob urishi oqibatida tana haroratining ko‘tarilishi, terining qizarishi, holdan toyish, nafas olish va puls tezlashishi, yurakning tez urishi, bosh og‘rishi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, hushdan ketish holatlari kuzatilishi mumkin.
Bunday paytda oftob urgan odamni darhol soya joyga olib, sochiqni muzdek suvga ho‘llab boshiga qo‘yish tavsiya etiladi. Bo‘yin va qo‘ltiq sohasiga muz bo‘laklari qo‘yish ham foydadan xoli bo‘lmaydi. Bemorga oz-ozdan suyuqlik ichirilib, tez yordam chaqiriladi.
Respublika aholisini bunday sharoitda muhofaza qilish, tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 173 ta tuman va shahar bo‘limlari shay bo‘lib turibdi. Ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligining “1003” qisqa raqamli Sall-markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.


