Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlis kun tartibidan O‘zbekiston prezidenti sayloviga doir saylov byulletenining shakli, matni va tavsifi tasdiqlandi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlarning familiyasi, ismi va otasining ismi saylov byulleteniga, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish natijalari hamda saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalarga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tartibida kiritiladi.

Saylov kuni ovoz berish jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) video-translyatsiya qilish maqsadida respublikaning barcha tuman va shaharlari hududida joylashgan ikkitagacha saylov uchastkalarida videokamera va boshqa zarur qurilmalar o‘rnatish yuzasidan aniq choralar belgilab berildi va tegishli qaror qabul qilindi.
MSKning qarori bilan YEXHT DIIHB, MDH kabi kuzatuvchi missiyalarning 43 nafar vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
Shuningdek, mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar asosida 25 ta ommaviy axborot vositasining 124 nafar vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Hozirgi kunga qadar akkreditatsiyadan o‘tgan OAV vakillarining soni 353 nafarni tashkil etmoqda.


