Yoz – sayohatlar mavsumi. Issiq havoda odamning ofisda o‘tirib ishlagisi emas, balki dengiz sohilida toblangisi keladi. Ammo sayohatni rejalashtirish uchun yoz kelishini kutib o‘tirish shart emas.
Hozirdanoq harakatni boshlash ancha mablag‘ tejashga imkon beradi. Bugun sayohatni rejalashtirishda asqatishi mumkin bo‘lgan lifehack‘lar bilan bo‘lishamiz.
1. Imkon qadar tungi safarlarni tanlang
Avtobus yoki poyezdlarda tungi safar xarajatlarni ancha kamaytiradi. Odatda bunday reyslarga chipta narxi pastroq bo‘ladi, buning ustiga mehmonxonada qolish uchun bir kun kamroq pul to‘laysiz.
Internetda arzon chiptalar topib berish xizmatlari talaygina. O‘zingizga qulay biror bir xizmatiga obuna bo‘lsangiz, sizga kerakli yo‘nalish narxlari tushgani haqida maʼlumot olishingiz mumkin. Bundan tashqari, chipta olayotganda yangiliklarga ulansangiz, reysingiz borligini esingizdan chiqarib qo‘ymaysiz.
2. Mehmonxona sirlari
Mehmonxonaga kelish kuni qanchalik yaqin bo‘lsa, narxlar ham tushish ehtimoli yuqori. Chunki mehmonxona uchun ham xonasi bo‘sh turganidan arzonroqqa bo‘lsa ham bergani foydaliroq.
3. Qaytarilmaydigan chipta pulini qaytarishni o‘rganing
Agar rejalaringiz kutilmaganda o‘zgarib qolsa va chiptani qaytarish kerak bo‘lib qolsa, quyidagilarni inobatga oling:
—Reys bekor qilinsa,
—Puli to‘langan reysga sizni qo‘yishmasa,
—Reys kechga qolsa va bu rejalaringizga taʼsir qilsa,
—O‘zingiz yoki yaqin qarindoshingiz kasal bo‘lib, ucha olmay qolsangiz,
—Oila aʼzolaringizdan kimdir vafot etsa,
—Uchishdan voz kechsangiz, uxlab qolsangiz, chipta pulini qaytarishga urinib ko‘rishingiz kerak.
Buning uchun avval aviakompaniya bilan bog‘lanib chiptani bekor qilasiz, keyin kerakli hujjatlarni yig‘asiz. Ammo turli kompaniyalar chipta pulini qaytarishda turlicha siyosat yuritadi.
4. 1 yo‘lovchi uchun chipta izlang
Agar oila aʼzolaringiz yoki do‘stlaringiz bilan sayohatga otlanayotgan bo‘lsangiz, chipta izlashda bir kishi uchun izlang. Gap shundaki, ayrim aviakompaniyalar bir necha yo‘lovchi bo‘lganda yuqoriroq klass taklif qilishi mumkin. Bu esa, albatta, chipta narxiga taʼsir qilmay qo‘ymaydi.
5. Chiptalarni “inkognito” rejimida sotib oling
Agar siz bir aviakompaniya saytiga bir necha marta kirib, bir xil yo‘nalishga chipta izlasangiz, u har safar qimmatlashib ketishi mumkin. Chunki aviakompaniya sizning maʼlumotlaringizni saqlab qo‘yadi va ehtiyojingizni biladi. Aynan shu yo‘nalishda, aynan shu kunga boshqa chipta topa olmagach, uning qimmat chiptasini xarid qilishingizni ham biladi.
Agar brauzeringizdagi “inkognito” rejimi yoqilgan bo‘lsa, shaxsiy maʼlumotlaringiz aviakompaniya bazasiga tushmaydi.


