
Davlat rahbari har bir hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, ushbu hudud uchun mos bo‘lgan daraxt ko‘chatlarini ko‘paytirishi zarurligini taʼkidladi.
Misol uchun, Andijon, Paxtaobod va Marhamat tumanlarida 30dan ziyod pavlovniya yetishtiruvchi xo‘jaliklar tashkil etilgan va hozirda ular 5 million dona ko‘chat ekishga tayyor.
Bunday xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun hamda aholini sifatli ko‘chatlar bilan taʼminlash maqsadida har bir hududda «Yashil zamin» jamg‘armalari tashkil etiladi.
Viloyat hokimlariga oktyabr-noyabr oylarida «Yashil zamin» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kamida 5 million tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini aholiga bepul tarqatish topshirig‘i berildi.
«Respublikadagi 300ga yaqin istirohat bog‘i turli vazirlik va idoralarga qarashli bo‘lib, ularning aksariyati qarovsiz, desak bu ham haqiqat.
Har bir shahar va tuman markazida kamida 2tadan «yashil maydon» va jamoat parklari tashkil etiladi», deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.
Viloyat hokimlariga yil yakuniga qadar istirohat bog‘larida aholi uchun «sokin hudud»larni tashkil etish topshirildi. Bunda mazkur bog‘larning kamida 60–70 foizi «yashil hudud» bo‘lishi kerak va ushbu hududlarda bino-inshootlar qurilishiga ruxsat berilmaydi.
Toshkent shahrining har bir tumanida 1tadan sayilgoh (jami – 12 ta), «yashil maydon» va alleya (jami – 25 kilometr), ko‘p qavatli uylar joylashgan mahallalarning har birida «yashil maydon»lar tashkil etish lozim.
Bundan avvalroq, daraxtlarni kesishga moratoriy 2024 yilga qadar uzaytirilishi va IIV tizimida Ekologiya politsiyasi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.


