Ayni paytda AOKAda Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov ishtirokidagi talabalarni turar-joy bilan taʼminlash, ijara va to‘lov-kontrakt masalalari yuzasidan bo‘lib o‘tayotgan matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Taʼkidlanishicha, 1991-2010 yillarda yotoqxona o‘rinlari soni kamaysa kamayganki, ko‘paymagan. 2010-2016 yillarda 2000 o‘rinli talabalar turar-joyi barpo etilgan. Hozirgi kunda bitta talaba uchun turar-joy qiymati 40-50 million so‘m atrofida, yaʼni, masalan, 400 o‘rinli talabalar turar-joyi taxminan 20 mlrd so‘m atrofida bo‘ladi.
2017-2022 yil yakuni bilan 56 ming o‘rinli talabalar turar-joyi bo‘lyapti. Bu 2010-2016 yilga nisbatan 28 barobar ko‘p.
O‘zbekistonda 2016 yilda 77 ta OTM bo‘lgan bo‘lsa ayni kunda ularning soni 172 taga yetdi. Unda tahsil oluvchi talabalar esa 200 ming nafardan 800 ming nafarga yetdi.
«Talabalar turar-joyining yetishmaslik muammosi oliy taʼlim muassasalari, talabalar sonini ko‘paytirgunga qadar ham ko‘p edi. Dunyo oliy taʼlim tizimini o‘rganganimda bir narsaga guvoh bo‘ldim — talabalarni yotoqxona bilan 100 foiz taʼminlagan birorta davlat yo‘q.Yaqin kunlarda ijara shartnomasi bekor qilinishi ustida ish olib borilmoqda. Bu esa ijara shartnomasi bo‘lmasa ham ijaraga turadigan talabaga ishonch bildiriladi va ijara haqini yarmi to‘lab beriladi. Bu masala yaqin kunlarda yakuniga yetadi», — dedi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov.
Shuningdek, Toshqulov Prezident topshirig‘i bilan ijara uchun 120 milliard pul ajratilgan bo‘lsa bundan 15 milliard so‘m o‘zlashtirilganini qayd etdi.
«Xonadon egalari xohlamadi ijara shartnomasini tuzishga. 1 yanvardan soliqlardan ozod qilindi, shunday keyin biroz ko‘paydi.Shaharlarda uylar kengaydi, lekin odamlarning bag‘ri toraydi. Ming afsus bugun 20 xonadonli uy bo‘lsa ham uyiga 4 ta talaba qo‘yishni xohlamaydi odamlar. Odamlar xonadoniga talabalarni olishni istamagani uchun ijara va talabalar uyi hisobidan qoplanyapti», — deya qo‘shimcha qildi u.


