Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining navbatdagi hisobotiga ko‘ra, shakar o‘rnini bosuvchi sunʼiy qo‘shimchalar inson salomatligi va hayotiga jiddiy xavf tug‘diradi. Ushbu xulosa bir necha yil davomida o‘tkazilgan 283 ta tadqiqot natijalariga asoslangan.
Maʼlumki, 25-30 gramm shakar isteʼmoli kunlik meʼyor hisoblanadi. Bundan ortig‘i semirish va xavfli kasalliklar rivojlanishiga olib keladi. Shu sababli baʼzilar shakar o‘rnini bosuvchi sunʼiy qo‘shimchalardan foydalanish xavfsiz, deb o‘ylaydi.
Aslida, oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklarga shirin taʼm bag‘ishlashda qo‘llaniladigan saxarin, aspartam, kaliy atsesulfam, sukraloza, neotam, advantam, steviya va uning hosilalari dastlab tana vaznini kamaytirsa-da, ammo ushbu jarayon uzoq davom etmaydi.
Aksincha, bunday mahsulotlarning odatiy isteʼmoli bora-bora semirishga olib keladi. Oqibatda insonlarda 2-toifa qandli diabet rivojlanish xavfi 34 foizgacha oshadi.
Qolaversa, bunday moddalardan tez-tez foydalanuvchilarda yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish ehtimoli 32 foiz (jumladan, insult — 19 foiz, gipertoniya —13 foiz) yuqori. O‘z navbatida, bu omil o‘lim xavfi 10 foiz ortishiga xizmat qiladi.
Shu bois ekspertlar organizmning shakarga bo‘lgan ehtiyojini meva-sabzavotlar va boshqa tabiiy mahsulotlar isteʼmoli orqali taʼminlashni tavsiya qilmoqda.
Bu ko‘rsatmalarga qandli diabetga chalingan bemorlardan boshqa aholi qatlami amal qilishi maqsadga muvofiq.
Binobarin, JSST xulosalari tish pastasi, turli kremlar kabi shaxsiy gigiyena vositalari hamda dori-darmonlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.


