Taniqli xonanda Shakira va futbolchi Jerar Pikega tegishli bo‘lgan, Kataloniyaning Espluges-de-Lyobregat shahrida joylashgan hashamatli uy sotuvga qo‘yildi. Uyda ikkita ulkan yerto‘la, ovoz yozish studiyasi, mashg‘ulotlar zali, shuningdek tennis korti va mini-futbol uchun maxsus maydoncha mavjud.
Taniqli juftlik joriy yilning iyun oyida ajrashishga qaror qilgan edilar. Bunga futbolchining xiyonati sabab bo‘lgan. Juftlikning 9 yoshli Milan va 7 yoshli Sasha ismli o‘g‘illari ayni vaqtda Shakira bilan birga Barselonada bo‘lib turibdi. Xonanda bolalarning vasiyligini olgan va ular bilan birgalikda AQSHning Florida shtatiga ko‘chib o‘tmoqchi. Jerar Pike esa Ispaniyada qolishni rejalashtiryapti.
Maʼlumot o‘rnida: Shakira va Jerar Pike munosabatlari 2010-yilda boshlangan. Futbolchi Shakira tomonidan kuylangan va Jahon chempionatining rasmiy taronasiga aylangan “Waka Waka (This Time for Africa)” qo‘shig‘i klipida suratga tushgan. Oradan ikki yil o‘tib, ularning to‘ng‘ich o‘g‘illari Milan, yana ikki yildan keyin esa ikkinchi farzandlari – Sasha dunyoga kelgan.


